Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Vazir Sh. Shermatov vazirlikning asosiy yo‘nalishlari va vazifalari haqida qisqacha ma’lumot berib, AKT sohasining mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishida muhim drayverga aylanishini ta’kidladi. Bundan tashqari, mamlakatda IT sohada eksportni yanada ko‘paytirish va yoshlarni yuqori daromadli yangi ish o‘rnlari yaratish zarurligini aytdi.
Shu bilan birga uchrashuvda IT Park rezidentlari uchun berilgan imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi. O‘zbekistonda IT mutaxassislarining xorijiy tillarni, jumladan, turk va ingliz tillarini yaxshi bilishi va ularning salohiyati haqida alohida ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida IT yo‘nalishidagi hamkorliklarning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan kelgusida istiqbolli qo‘shma loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish istagini bildirdi.
Elchi ikki davlatda ham ushbu sohalarni rivojlantirish bo‘yicha keng tajriba mavjudligini, birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali yanada yuqori natijalarga erishish mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar bir-biriga minnatdorlik bildirgan holda, kelgusida hamkorlikni yanada kengroq davom ettirish va qo‘shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga kelishib olindi. Tomonlar uchrashuv va ajratilgan vaqt uchun bir-biriga minnatdorchilik bildirib, kelgusida yaqin hamkorlikka umid bildirdi.