Turkiya va Ozarbayjon vakillari bilan qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 12-fevral kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi mas’ullari xodimlari hamda Turkiyaning “TARSIM” va Ozarbayjonning “Aqrar Sigorta Fondu” sug‘urta jamg‘armalari rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligidan Melix O‘zbulut, “TARSIM” sug‘urta Jamg‘armasi Bosh direktori Bekir Engyoroglu, “TARSIM” sug‘urta Jamg‘armasining tashqi aloqalar va qayta sug‘urta bo‘yicha direktor o‘rinbosari Baxar Demir Kimyon hamda Ozarbayjonning “Aqrar Sigorta Fondu” rahbari Fuad Sadikov, “Aqrar Sigorta Fondu” xodimlari Zaur Aliyev va Shaxin Husenli ishtirok edi. Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ul xodimlari qatnashdi.
Uchrashuvda quyidagi masalalar muhokama qilindi:
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi istiqbollari — global iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga ta’siri sabab sug‘urtaning ahamiyati yanada dolzarbligi qayd etildi; “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini qabul qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar — shuningdek, qonunosti me’yoriy-huquqiy hujjatlarini tayyorlash bo‘yicha fikr almashildi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi bo‘yicha qonun qabul qilinganidan so‘ng uni amaliyotga joriy etish bosqichlari, ushbu yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi malakali mutaxassislarni tayyorlash, jarayonda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar yechimi bo‘yicha bajariladigan ishlar ham muhokama qilindi.
Turkiya va Ozarbayjon vakillari qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘z tajribalari bilan bo‘lishish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar yechimi bo‘yicha hamkorlikda ishlashga tayyorligini ma’lum qildi.
Shuningdek, Turkiya tomoni bilan O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini joriy etish uchun zarur bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash hamda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasidagi mas’ullar uchun seminar-treninglar o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan masalalar bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro harakatlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib oldi.