Valyuta kurslari 03/07/2025
$1 – 12591.71
UZS – -0,67%
€1 – 14821.70
UZS – -1,03%
₽1 – 160.18
UZS – -0,85%
Qidirish
Iqtisod 03/07/2025 “Turkiy davlatlar iqtisodiyoti – 2024” tahliliy nashrining ikkinchi soni taqdim etildi

“Turkiy davlatlar iqtisodiyoti – 2024” tahliliy nashrining ikkinchi soni taqdim etildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiy islohotlar va kommunikatsiyalar tahliliy markazi (CAERC) hamda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) kotibiyati hamkorligida yillik tahliliy nashrning ikkinchi soni – «Turkiy davlatlar iqtisodiyoti – 2024» taqdim etildi. Nashr iqtisodiy siyosat bo‘yicha turkiy ilmiy tadqiqot markazlari tarmog‘i (ERCNET) doirasida tayyorlanib, mintaqada transport va energetika sohalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan.

Taqdimotda Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya va Vengriyadan 35 dan ortiq yetakchi ekspert va ilmiy markazlar ishtirok etdi. Ishtirokchi davlatlar o‘zlarining milliy makroiqtisodiy rivojlanish, investitsiya tendensiyalari va tarmoqlar bo‘yicha erishilgan ustuvorliklarini taqdim etdilar. Hujjatda iqtisodiyot, transport va energetika sohalariga oid statistik maʼlumotlar bilan boyitilgan qiyosiy tahlil mavjud.

O‘zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining (Markaz) nashrni tayyorlashda alohida hissasi bor. Tadqiqot doirasida ekspertlar O‘zbekistonning iqtisodiy dinamikasi va o‘sish tuzilmasi jumladan, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, investitsiya tendensiyalari va institutsional islohotlar keng yoritildi. Bu sharh O‘zbekistonning TDT mintaqasida barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi davlatlardan biri sifatidagi rolining oshib borayotganini aks ettiradi.

O‘zbekiston – TDT barqaror o‘sishining drayveri

Nashrda O‘zbekistonga alohida eʼtibor qaratildi. Uning TDT davlatlari umumiy YAIMiga hissasi 2024 yilda 5,5% ni tashkil etib, 2010 yildagi $49,8 mlrd dan $115,0 mlrd gacha o‘sgan. YAIM tuzilmasi diversifikatsiyalangan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning taxminan 18,3% ni tashkil etadi.

Tahlilchilar xususiy isteʼmol, investitsiyalar, pul o‘tkazmalari, qurilish, chakana savdo hamda tog‘-kon sanoatidagi faollik ortishi bilan bog‘liq barqaror o‘sish yo‘nalishining mavjudligini taʼkidladilar.

2024 yilda O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 9,8% gacha pasaydi, aholi bandligi darajasi barqaror saqlandi va iqtisodiyotni kreditlash kuchaytirildi. Konsolidatsiyalashgan byudjet tanqisligi YAIMning -3,3% ni tashkil etib, bu TDTning boshqa mamlakatlari bilan taqqoslanadigan ko‘rsatkichdir.

O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TTXI) 2024 yilda $11,9 mlrd.ni tashkil etdi. Shu bilan birga, bunda $2,3 mlrd. qismi TDT mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Transport infratuzilmasi va logistika

O‘zbekistonda TDT orasida eng yuqori milliy yo‘l ulushi mavjud (96%) va asfaltlangan yo‘llar hissasi 98%ni tashkil etadi, bu esa muhim transport yo‘laklarini taʼminlaydi. Biroq yo‘llar sig‘imi past (1,3 ming km har bir million aholiga), bu esa qishloq hududlari uchun kirish imkoniyatlarini chegaralab, logistika xarajatlarini oshiradi.

Temir yo‘l tarmog‘i 2018–2022 yillarda uzunligi bo‘yicha 2,9% ga o‘sgan, lekin sig‘imi o‘rtacha darajada qolmoqda. 2022 yilda yo‘lovchi tashish hajmi pandemiyagacha bo‘lgan darajadan 19% kamaygan. Logistika samaradorligi indeksida (LPI-2023) O‘zbekiston 88-o‘rinni egallaydi. Xavo aloqasi indeksida (IATA, 2022) esa mamlakat 78-o‘rinda bo‘lib, aviatsiya sohasini rivojlantirish zarurligini ko‘rsatadi.

Energetika va barqarorlik

O‘zbekistonda 2023 yilda energiya isteʼmoli 47,6 mln tonna neft ekvivalentiga teng bo‘ldi. Mamlakat tabiiy gaz zaxiralari (1,8 trln kub.m) tufayli energetik jihatdan mustaqildir. Qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushi generatsiyada 9% ni tashkil qiladi. Biroq, elektroenergiyaning past narxi (2,5 sent/kVt.soat) saqlanmoqda.

Mintaqaviy energetika hamkorligini rivojlantirish istiqbollari qayd etilgan, jumladan Qirg‘iziston bilan mavsumiy elektr energiyasi almashinuvi, O‘zbekiston orqali tranzit va GES hamda quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha birgalikdagi loyihalar.

Muhokama va strategik ahamiyat

Hisobotda Markaziy koridorni rivojlantirish, transport jarayonlarini raqamlashtirish (e-Permit joriy etish), shuningdek bojxona sohasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarning ahamiyati taʼkidlandi.

TDT yana-da faol institutsional yaqinlashuv, strategiyalarni muvofiqlashtirish va mintaqaviy infratuzilmani shakllantirish uchun platformaga aylanmoqda.

Nashr turkiy mintaqaning barqaror rivojlanishiga qiziquvchi hukumatlar, tadqiqotchilar va xalqaro hamkorlar uchun yo‘nalishnoma vazifasini bajaradi hamda iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va o‘sishni diversifikatsiya qilishga qaratilgan uzoq muddatli loyihalarga sarmoya kiritishga tayyor tomonlar uchun muhim manba hisoblanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling