Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "O‘zcharmsanoat" uyushmasi Turkiyaning ikki yirik brendi - "Jeune Pierre" va "Gelibolu Taban" bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralarning dastlabki raundini boshladi. Muloqotda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, "autsorsing" asosida o‘zbek korxonalari bilan hamkorlik bo‘yicha ishlarni tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.
"Jeune Pierre" brendi erkaklar va sport poyabzallarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Asosan, Yevropa va Arab davlatlariga mahsulotlarini yetkazib beradi. Korxona ayni vaqtda ishlab chiqarishini O‘zbekistonga ko‘chirishni reja qilmoqda. Xususan, sport poyabzallarining ustki qismlarini kengaytirish bo‘yicha yangi loyihani amalga oshirishni ko‘zlamoqda. Shu maqsadda bu borada mamlakatimiz korxonalari bilan aprel oyida muzokaralarni boshlaydi.
"Gelibolu Taban" brendi ham mamlakatimizda murakkab modeldagi poyabzallarning bir qismini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyiha ustida ish olib bormoqda. Bu turdagi poyabzallarni asosan Yevropa va Rossiyaga eksport qiladi. Bu boradagi hamkorlik va salohiyatli mahalliy korxonalar bilan hamkorlik bo‘yicha dastlabki muloqotlar boshlandi.