Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
Iqtisod 15/11/2024 Tungi yoritilganlik darajasi, iqtisodiy faollik va yashirin iqtisodiyot

Tungi yoritilganlik darajasi, iqtisodiy faollik va yashirin iqtisodiyot

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) (https://t.me/ifmr_public) hamda Link Data (https://t.me/linkdatauz) kompaniyasi mutaxassislari tomonidan hamkorlikda O‘zbekistonda 2012 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda hududiy darajada tungi yorug‘lik ma’lumotlari va yashirin iqtisodiyot hajmi o'zgarishi tahlil qilindi.

Tahlilda Suomi milliy qutb-orbitada aylanib yuruvchi hamkorlik sun’iy yo‘ldoshi (Suomi NPP) va NOAA-20 sun’iy yo‘ldoshi bortida joylashtirilgan zamonaviy asbob – Ko‘rinadigan va infraqizil tasvir olish radiometriya to‘plami (Visible Infrared Imaging Radiometer Suite – VIIRS) tomonidan to‘plangan ma’lumotlar hamda rasmiy statistika ma’lumotlaridan foydalanildi.

Hududlar bo‘yicha 1 km2 maydonga to‘g‘ri keluvchi tungi yoritilganlik darajasi eng yuqori bo‘lgan hudud Toshkent shahri bo‘lib, poytaxtda ushbu ko‘rsatkich 2017 yildagi 97,8 dan 137,7 ga (40,8% ga) oshgan. Mazkur davrda Toshkent shahrida iqtisodiy faollik 8 martaga ko‘paygan bo‘lsa, yashirin iqtisodiyot hajmining yalpi hududiy mahsulotga (YaHM) nisbatan ulushi 9,5% dan 11,7% ga oshgan.

Xizmat ko‘rsatish sohasi jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgan Samarqand viloyatida 2023 yilda 1 km2 uchun tungi yoritilganlik darajasi (7,6) 2017 yilga (4,2) nisbatan 80% ga oshgan bo‘lsa, yashirin iqtisodiyotning YaHMga nisbati 6,3% dan 10,3% ga yetgan. 

Farg‘ona vodiysi viloyatlarida tungi chiroqlar bilan yoritilganlik darajasi yaxshilanishi bilan birga, yashirin iqtisodiyot ko‘lami ham kengayib borgan. Xususan, Namangan viloyatida 1 km2 maydonga to‘g‘ri keluvchi tungi yoritilganlik ko‘rsatkichi 2017 yildagi 5,7 dan 2023 yilda 8,1 ga (o‘sish – 40%) yetgan. O‘z navbatida, ushbu viloyatda yashirin iqtisodiyotning YaHMga nisbati 2023 yilda 14,2% ni tashkil etib, 2017 yilga (9,7%) nisbatan 4,5 foiz bandga ko‘paygan. Bu ko‘rsatkich Respublika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Shuningdek, mazkur davrda Farg‘ona viloyatida 1 km2 maydonga to‘g‘ri keluvchi tungi yoritilganlik darajasi 70%ga (7 dan 11,9 ga) yaxshilangan bo‘lsa, baholangan yashirin iqtisodiyot hajmining YaHMga nisbati 10,4% dan 12,2% ga yetgan.

Respublika bo‘yicha aholi zichligi bo‘yicha 1-o‘rinda turuvchi Andijon viloyatida 2017-2023 yillar oralig‘ida tungi yoritilganlik darajasi 42% ga (10,9 dan 15,5 ga) oshgan bo‘lsa-da, soya iqtisodiyotining YaHMga nisbatan ulushi deyarli o‘zgarmasdan 8% atrofida saqlanib qolgan. 

2017-2023 yillarda Qashqadaryo viloyatida tungi yoritilganlik darajasi 1 km2 maydon uchun 6% ga (6,3 dan 6 ga) kamaygan bo‘lsa, YaHM hajmiga nisbatan yashirin iqtisodiyot ko‘lami 11% dan 12% ga oshgan.

O'zgarmas effekt (fixed effect) modeli asosida amalga oshirilgan ekonometrik tahlil natijalari shuni ko’rsatadiki, tungi yoritilish darajasi yashirin iqtisodiyotning qariyb 39.4% ini o'zida aks ettiradi. 

Ushbu tadqiqot norasmiy iqtisodiyotning hajmi va taqsimoti haqida tushuncha berib, iqtisodiyotni rasmiylashtirish bo‘yicha siyosatni ishlab chiqish, urbanizatsiya, iqtisodiy faollik, iqtisodiy tengsizlikni baholash va boshqa ko'rsatkichlar bo'yicha chuqur tahlillar qilish imkonini beradi.
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling