Transport vazirligi va Rhenus Group kompaniyasi Andijon viloyatida logistika markazi loyihasini ilgari surmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Germaniyaning «Rhenus Group» kompaniyasi boshqaruv guruhining loyihalar bo‘yicha maxsus vakolatli vakili Xaynrix Kerstgens boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda kompaniya bilan hamkorlikda intermodal transport tarmoqlarini rivojlantirish, xususan, Andijon viloyatida zamonaviy yuk terminali qurilishi loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.
Shuningdek, tomonlar Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida transchegaraviy yuk tashuvlarini rivojlantirish, Andijon logistika markazi terminalini Qashg‘ar – Jalolobod – O‘sh yangi temir yo‘l liniyasi loyihasiga ulash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashdi.