Valyuta kurslari 21/01/2025
$1 – 12975.09
UZS – 0,06%
€1 – 13373.43
UZS – 0,16%
₽1 – 127.63
UZS – 0,9%
Qidirish
O‘zbekiston 20/01/2025 Trans-Afg‘oniston temir yo‘lini qurish Afg‘oniston uchun asosiy ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi

Trans-Afg‘oniston temir yo‘lini qurish Afg‘oniston uchun asosiy ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Trans-Afg‘oniston temir yo‘lini qurish Afg‘oniston Iqtisodiyot vazirligi uchun asosiy ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi, deb xabar berdi TOLO News agentligi vazirlikning rasmiy vakili Abdul Rahmon Habibning so‘zlariga tayangan holda.

Abdul Rahmon Habib ushbu loyihaning ahamiyatini ta’kidlab, shunday dedi:

«Trans-Afg‘oniston loyihasi savdoni mustahkamlash, ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ushbu loyiha tranzit koridori sifatida Afg‘onistonni Eron, Pokiston, Xitoy va Turkmaniston kabi qo‘shni davlatlar bilan bog‘lab, xalqaro savdoni sezilarli darajada mustahkamlaydi».

Iqtisodiy ekspertlar fikricha, ushbu loyihani amalga oshirish Afg‘oniston iqtisodiyotini tubdan o‘zgartirishi va Pokiston hamda O‘zbekiston uchun katta foyda keltirishi mumkin.

Kobul Sanoatchilar assotsiatsiyasi raisi Abdul Jabbor Safi shunday dedi:

«Temir yo‘lga ulanish import va eksport xarajatlarini kamaytiradi, bu esa xalqaro bozorlarda bizga qulayroq mavqe egallash va foyda olish imkonini beradi».

Iqtisodiy masalalar bo‘yicha ekspert Zabihulloh Islomiy quyidagicha fikr bildirdi:

«Bu loyiha bilan Afg‘oniston tranzit yo‘liga aylanadi. Ushbu temir yo‘l O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida tovarlarni tashishni ta’minlaydi va bu Afg‘onistonga katta iqtisodiy foyda keltiradi hamda mamlakatning iqtisodiy barqarorligiga xizmat qiladi».

Trans-Afg‘oniston loyihasining maqsadi Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekistonni temir yo‘l orqali bog‘lash bo‘lib, loyiha qiymati taxminan 5 milliard dollarni tashkil qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling