Toshkentdagi Shimoliy (Markaziy) vokzal oldida qisqa muddatli to‘xtash zonasi tashkil etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahar Shimoliy (Markaziy) temir yo‘l vokzali oldida avtotransport vositalari uchun maxsus harakat yo‘lagi tashkil etildi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati maʼlum qilishicha, endi haydovchilar vokzal oldida bepul tarzda besh daqiqagacha to‘xtashi mumkin bo‘ladi.
Agar to‘xtash muddati besh daqiqadan o‘n daqiqagacha bo‘lsa, belgilangan tarif asosida to‘lov undiriladi. O‘n daqiqadan ortiq to‘xtash holatida esa maʼmuriy javobgarlik qo‘llaniladi: Yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga jarima tayinlanadi.
Hududda maxsus yo‘l belgilari o‘rnatilgan bo‘lib, ular qisqa muddatli to‘xtashga ruxsat beradi, lekin to‘xtab turish (stoyanka) man etiladi. Har bir avtomobilning to‘xtash vaqti va raqamlarini aniqlovchi videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, ular orqali avtomatik jarima rasmiylashtiriladi. Hozirda shlagbaumlar va videofiksatsiya tizimlari o‘rnatish ishlari yakunlanmoqda.
Avval bu yerda jamoat transporti uchun yakuniy bekat joylashgan edi, u endi vokzal oldi maydonining yon tomoniga ko‘chirildi. Ilgari yo‘lovchilarni qonuniy va qulay tarzda tushirib qoldirish imkoniyati mavjud emasligi tufayli haydovchilar ko‘p hollarda YHQni buzishga majbur bo‘lishgan.
Kompaniya taʼkidlashicha, vokzallarda shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha topshiriq 2025 yil 27 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan edi.