Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahridagi ikki umumta’lim maktabida virusli gepatit holatlari qayd etildi, deya xabar berdi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bosh boshqarmasi.
Ma’lumotga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 214 va 65-sonli maktablarda tuman sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi mutaxassislari epidemiologik tekshiruv va sanitariya nazorati o‘tkazgan.
Tekshiruv doirasida quyidagi jihatlar ko‘rib chiqildi: o‘quvchilar va xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tganliklari haqida ma’lumotnoma mavjudligi, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishi, sinf xonalarini tozalash ishlari, jihozlarning sozligi va isitish tizimining ishlashi, hojatxonalar holati, qo‘l yuvish uchun rakovinalar mavjudligi va kanalizatsiya tizimining ishlashi.
Tekshiruv natijalari ikki maktabning sanitariya holati belgilangan talablarga javob bermasligini ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan ta’lim muassasalari rahbariyatiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.