Toshkentda Uzeyir Hojibeyli tavalludining 140 yilligi munosabati bilan katta konsert dasturi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda Ozarbayjonning buyuk bastakori, musiqashunos olim, dramaturg va pedagog Uzeyir Hojibeyli tavalludining 140 yilligi munosabati bilan Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi hamda Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri hamkorligida katta konsert bo‘lib o‘tdi.
Konsertda Ozarbayjondan maxsus taklif etilgan san’atkorlar va O‘zbekistondan musiqachilar ishtirok etishdi.
Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasidagi maslahatchi Fariz Mammadov mehmonlarni qutlar ekan, bu yil Ozarbayjon Prezidenti janob Ilhom Aliyev tomonidan Ozarbayjonning buyuk bastakori, Sharqda birinchi opera ijodkori, Uzeyir Hojibeyli tavalludining 140 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi farmon imzolanganini va bu narsa Ozarbayjonda buyuk bastakorga hurmat cheksiz ekanini yana bir bor ta’kidlaydi.
F.Mammadov oʻz nutqida “Layli va Majnun” operasini yozib, musulmon Sharqida ilk operaga asos solgan bastakorning “Ko‘ro‘g‘li” operasi, “U boʻlmasin, bu boʻlsin” va “Arshin mol olan” operettalari Ozarbayjon milliy musiqasining cho‘qqilari sanalishini aytdi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Akif Marifli o‘z nutqida Uzeyir Hojibeyli o‘zining serqirra ijodi bilan Ozarbayjon madaniyati tarixida o‘chmas iz qoldirgan qudratli siymolardan biri ekanligini ta’kidladi. U Ozarbayjon bastakorlik maktabining asoschisi, milliy musiqa xazinasini nodir shakl va janrlar bilan boyitgan yangi ijodkordir. Uzeyir Hojibeyli nafaqat Ozarbayjon madaniyatiga, balki butun turkiy dunyo madaniyatiga katta hissa qo‘shgan. Uning ijodi nafaqat Ozarbayjon musiqasini jahon darajasiga ko‘tardi, balki O‘zbekistonda musiqa va teatr san’ati rivojiga ham xizmat qildi. U tuzgan tartib bilan Ozarbayjon xalq musiqasini ilmiy oʻrganish va nota yozish milliy musiqa maktabining shakllanishida muhim rol oʻynadi.
A.Ma’rifli: “O‘tgan asrning boshidan beri buyuk bastakor asarlari Toshkent, Samarqand, Buxoroda ko‘p marotaba sahnalashtirilgani va bu o‘zbek milliy teatrining shakllanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatganligi bejiz emas”, dedi.
Teatr bosh rejissyori Haydarali Qosimov shunday musiqa bayramini tashkil etgani uchun Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Uning aytishicha, Oʻzbekistonda Ozarbayjon musiqasi va mug‘omlari juda mashhur, O‘zbekistonda Ozarbayjon musiqasi yangramaydigan bayram yoki to‘y yo‘q.
Ikki soatga yaqin davom etgan konsert dasturi Uzeyir Hojibeylining mashhur “Ko‘ro‘g‘li” operasining uverturasi bilan boshlandi.
Konsertni Uzeyir Hojibeyli nomidagi Ozarbayjon davlat simfonik orkestri dirijyori Mustafo Mehmandarov olib bordi.
Musiqa bayramida Ozarbayjon davlat opera va balet teatri solistlari Nigor Jafarova, Otash Garayev, shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti Samandar Alimov va Malika Normatovalar “Ko‘ro‘g‘li” operasidan Nigor ariyasi, “Sevgili jonon” romansi, Asqarning ariyasi, “Nargiz” operettasidan “Nargiz” ariyasi ijro etildi. “Ko‘ro‘g‘li” operasidan Ko‘ro‘g‘lining ariyasi, “Arshin mol olan” operettasidan Asqar va Gulchehra dueti ham ijro etildi.
Bundan tashqari, konsertda Muslim Magomayevning “Tantanali marsh”, Sultan Hojibeyovning “Karvon” simfonik suitasi, Fikrat Amirovning “Ozarbayjon kaprichchiosi”, Sulaymon Yudakovning “Xorazm bayram marshi” va boshqa musiqiy asarlar ham ijro etildi.
Konsertda ijro etilgan barcha musiqiy chiqishlar tomoshabinlarning tinimsiz olqishlariga sabab bo‘ldi.
Musiqa bayramida Ozarbayjon elchixonasi va Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi xodimlari, O‘zbekiston fan, madaniyat va san’at namoyandalari, musiqa ixlosmandlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.