Toshkentda «O‘zbekiston ovozi» ko‘chasining bir qismi bir oydan ziyod vaqtga yopiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan «O‘zbekiston ovozi» ko‘chasining bir qismi vaqtinchalik yopiladi. Toshkent shahar hokimiyati maʼlumotiga ko‘ra, harakat 27 mart kuni soat 07:00 dan 2025 yil 30 aprelgacha cheklanadi.
Yo‘l yopilishi Shastri ko‘chasi bilan kesishgan joydan Yahyo G‘ulomov ko‘chasigacha bo‘lgan qismni o‘z ichiga oladi.
Mutasaddilarning tushuntirishicha, ushbu cheklov keng ko‘lamli infratuzilma o‘zgarishlari bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘chani aholi ehtiyojlari va zamonaviy shaharsozlik meʼyorlariga mos holda tun-u kun faoliyat yurituvchi hududga aylantirish maqsad qilingan.
Toshkent shahar hokimiyati taʼmirlash ishlari bilan bog‘liq vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.