Toshkentda olimpiya chempioni Diyora Keldiyorova asos solgan dzyudo sport klubi ochildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentdagi 17-umumtaʼlim maktabi negizida Parij-2024 Olimpiadasi chempioni Diyora Keldiyorova tomonidan asos solingan dzyudo sport klubining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF), O‘zbekiston Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari hamda mamlakat Dzyudo federatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Yangi klub yosh sportchilar uchun muhim markazga aylanadi. Bu yerda ular jahonning eng kuchli dzyudochilaridan biri bo‘lgan Diyora Keldiyorova tajribasidan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Rasmiylar klubning ochilishi O‘zbekistonda dzyudo sportini rivojlantirishda ulkan qadam ekanini taʼkidladi. Ular bu zalda kelajakda yangi chempionlar yetishib chiqishiga umid bildirdi.
Diyora Keldiyorova, o‘z yutuqlari bilan ko‘plab yoshlarni ruhlantirgan sportchi, klubning asosiy maqsadi faqatgina professional sportchilarni tayyorlash emas, balki yoshlarga sportning qadriyatlarini – intizom, hurmat va g‘alabaga intilishni singdirish ekanini taʼkidladi.
Klubning ochilishi O‘zbekiston sport jamoatchiligi uchun muxim voqea bo‘lib, mamlakatda dzyudo sportini yana-da ommalashtirishga xizmat qiladi.