Toshkentda “Hotel Business Forum-2025” o‘z ishini boshladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 25-fevral kuni “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida “Hotel Business Forum-2025” tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduxakimov (videomurojaat) va Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev ochib berdilar.
“Barchangizga ma’lumki, turizm sohasi O‘zbekiston Prezidentining ilg‘or islohotlari hamda Hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi natijasida mutlaqo yangi bosqichga chiqdi, - dedi Aziz Abduxakimov. - Sohada yildan yilga ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotgani quvonarli holat. Shu o‘rinda qayd etish lozimki, turizm va unga yondosh sohalar yo‘nalishida 51 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Hududlarda 124 ta yangi mehmonxona va 239 ta xostellar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, jami joylashtirish obyektlari soni 6,1 mingtadan, ulardagi o‘rinlar soni 161 mingdan oshdi”.
Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev forum ishtirokchilarini qutlar ekan, ushbu forum oltinchi marotaba o‘tkazilayotganligi, yildan yilga uning ishtirokchilari ko‘lami ortib borayotganligi mazkur platforma mamlakatimizda mehmonxona biznesi rivoji uchun muhim ahamiyatga ekanligini yaqqol tasdig‘i ekanligini ta’kidladi. “Bugungi forumimiz kun tartibi va sessiyalari mehmonxona biznesida raqamli transformatsiya, yashil texnologiyalar, inklyuziv va barqaror rivojlanish kabi sohamiz uchun eng dolzarb masalalarga qaratilgan. Barchamizga ma’lumki, turizm sohasining har bir yo‘nalishi shu jumladan mehmonxona biznesi yo‘nalishi ham jadal rivojlanib bormoqda”, - dedi Umid Shadiyev.
Turizm qo‘mitasi ko‘magida O‘zbekiston Mehmonxonalar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan 2025-yilgi forum “Innovatsiyalar va barqarorlik: mehmondo‘stlik sanoatidagi yangi texnologiyalar” mavzusiga bag‘ishlangan. Unda Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkiya, Ozarbayjon, Italiya, Rossiya, Chexiya, Germaniya, Shveysariya va boshqa davlatlardan ekspertlar, mehmonxona biznesi vakillari, turoperatorlar, marketologlar, mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlar, global brendlar vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbirda, shuningdek, IHG, Hilton Worldwide, Radisson Hotel Group, Wyndham Hotels & Resorts, Accor Hotel Group kabi dunyoga mashhur xalqaro mehmonxonalar tarmoqlarining mintaqaviy yetakchilari ham qatnashmoqda.
Qayd etish joizki, forumning birinchi kunida qator sessiyalar o‘tkazildi. Mutaxassislar “Mehmonxonalarning barqaror kelajagi uchun yashil texnologiyalar”, “Raqamli transformatsiya: mehmonxona biznesini o‘zgartiruvchi texnologiyalar”, “O‘sish omillari: mehmonxona biznesida samarali sotish strategiyalari”, “Muvaffaqiyat ta’mi. Qanday qilib jozibali oziq-ovqat brendini yaratish mumkin”, “Inklyuzivlik-mehmondo‘stlik sohasidagi talab omili sifatida” va boshqa shu kabi dolzarb mavzularda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Bundan tashqari, tadbirda mehmonxona xizmatlarining yetakchi provayderlari bo‘lgan “HoReCa” segmenti uchun to‘liq mahsulot va xizmatlarni taqdim etuvchi Interaktiv B2B ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazma mebel, interer buyumlari, professional to‘qimachilik, kiyim-kechak, xavfsizlik tizimlarini avtomatlashtirish va boshqa sohalarni qamrab oldi.
“Hotel Business Forum-2025” 26-fevral kuni davom etadi. Tadbirning ikkinchi kunidan muhim mavzularni qamrab oladigan sessiyalar, muhokamalar va IV Milliy mehmondo‘stlik mukofotini topshirish marosimi o‘rin olgan.