Toshkentda gaz portlashi oqibatida bola vafot etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 1 mart kuni Toshkentda gaz portlashi natijasida jabrlangan bola kasalxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, qutqaruv ishlari davomida olti nafar fuqaro evakuatsiya qilingan. Hodisa natijasida bir necha kishi jabrlangan, ular orasida ikki nafar bola bor. Bir bola kasalxonaga olib ketilayotgan paytda vafot etgan, ikkinchisi esa hozirda shifokorlar nazorati ostida.
Hama jabrlanganlar tez tibbiy yordam brigadalariga topshirilgan. Hozirda uyni tiklash ishlari olib borilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, portlashga qasddan sodir etilgan harakat sabab bo‘lgan. Uyda yashovchi bir erkak o‘z joniga qasd qilish maqsadida gaz plitasini yoqib qo‘ygan. Havoda gaz aralashmasi to‘planishi natijasida yong‘in va portlash sodir bo‘lgan. O‘sha erkak 9-qavatdan o‘zini tashlab, vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, portlash 1 mart kuni taxminan soat 15:23 da Mirzo-Ulug‘bek tumani Qorasuv mahallasi “Gulsanam” 4-kvartalida sodir bo‘lgan.
Avvalroq FVB hodisa natijasida jabrlanganlar haqida maʼlumot yo‘qligini bildirgan edi. Hozirda hodisa joyida huquq-tartibot organlari va qutqaruvchilar ish olib bormoqda.