Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida 1982-1983-yillarda qurilgan «Chorsu» mehmonxonasini buzish ishlari boshlandi.
Ilgarigi nomlanishi «Moskva» bo‘lgan bu mehmonxona, O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng «Chorsu» deb qayta nomlangan. Mehmonxona 2000-yillarning boshlarida yopilgan.
Ming o‘rinlik mehmonxona 23 qavatdan iborat bo‘lib, uning birinchi ikki qavatida restoran, banket zali va ma’muriy xonalar joylashgan edi.
Bino o‘zgacha me’moriy yechimlar asosida qurilgan bo‘lib, uning pastki qismi platforma ko‘rinishida bo‘lgan, baland devorlari esa yaqinda joylashgan Ko‘kaldosh madrasasi bilan uyg‘unlashgan.
2024-yil 2-noyabrda Toshkentda «Chorsu» maydonini qayta qurish loyihasi taqdim etilgan edi.
Loyihaga ko‘ra, mehmonxona o‘rnida yangi mehmonxona, biznes-markaz va turar-joy binolari barpo etiladi. Loyihani Germaniyaning Tchoban Voss Architekten me’morlik kompaniyasi ishlab chiqqan.
Qurilish ishlari 2025-yilda boshlanib, 2029-yilgacha davom etishi rejalashtirilgan.
170 million dollardan ortiq mablag‘ sarflanishi mo‘ljallangan. Loyiha O‘zbekiston va xorijiy investorlar konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladi.