Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —Tuproq – insoniyatga berilgan eng bebaho va qadrli neʼmat. U qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ishlab chiqarishning asosi bo‘lib, hayotimizning ajralmas qismidir. Oziq-ovqat mahsulotlarining 95 foizi tuproqdan olinadi va uning sifati ushbu asosiy manbaning sifatiga bog‘liq. Ma’lumki, bugungi kunda 1,5 milliarddan ortiq kishi tuproq degradatsiyasi tufayli oziq-ovqat yetishtirishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Global xarita ma’lumotlariga ko‘ra, yer sharida 833 mln ga sho‘rlangan tuproq mavjud bo‘lib, bu sayyoramiz hududining 8,7 foizini tashkil qiladi. O‘z-o‘zidan sho‘rlanish natijasida qishloq xo‘jaligida bir qancha muammolar yuzaga kelmoqda.
Har yili 5-dekabrda dunyo bo‘yicha tuproqlar unumdorligini saqlash, ularni degradatsiya jarayonlaridan muhofaza qilish, uning resurslaridan barqaror foydalanishni targ‘ib qilish maqsadida Butunjahon tuproq kuni nishonlanadi. Butunjahon tuproq kuni 2002 yilda Xalqaro tuproqshunoslik jamiyati tomonidan tavsiya etilgan. Ushbu tashabbus Birlashgan Millatlar
Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, 2013-yil BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 5-dekabrni Butunjahon tuproq kuni deb rasman e’lon qilgan.
Bu yil BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan “Zamin” Xalqaro jamoat fondi, Toshkent davlat agrar universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda Butunjahon tuproq kuniga bag‘ishlangan ochiq dars o‘tkazildi.
FAOning “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi” (FOLUR) va “O‘zbekistonning qurg‘oqchilikga uchragan ekotizimlarida yaylovlar va o‘rmonlarni barqaror boshqarish” loyihalari doirasida amalga oshirilgan ushbu tadbirda 90ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Tadbirda ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, tuproqshunos mutaxassislar va talabalarga tuproq va suv resurslarini barqaror boshqarish, eroziya hamda tuproq degradatsiyasiga qarshi kurashning zamonaviy usullari, yer tanazzulining neytral muvozanatini saqlash va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etildi.
Mazkur ochiq darsda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining professori tuproq unumdorligini saqlash va yaxshilash, degradatsiya jarayonlarining oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha bilim va tajribalarini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti va Toshkent davlat agrar universiteti professorlari va FAOning xalqaro va milliy ekspertlari degradatsiyani baholash va xaritalash, tuproqni himoya qiluvchi hamda resurs tejovchi texnologiyalarga ehtiyojlar, tuproqning organik uglerodi va iqlim o‘zgarishi mavzularida foydali va qiziqarli taqdimotlar o‘tkazdilar.
Tadbirda tuproqga minimal ishlov berish, almashlab ekish, organik moddalar solish va qoplama ekinlar kabi tuproqni barqaror boshqarish usullari tuproq holatini yaxshilashi, eroziya va ifloslanishni kamaytirishi, yer osti suvlarining infiltratsiyasi va to‘planishini yaxshilashi ta’kidlandi. Tuproq va suv resurslarini barqaror boshqarish yerning qurg‘oqchilik, toshqin va qum bo‘ronlari kabi ekstremal iqlim hodisalariga qarshi turish qobiliyatini oshirish imkonini beradi.