Toshkentda birinchi O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston ekspertlar forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 26-iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga ilk davlat tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan "O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston: o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollari" mavzusida birinchi O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston ekspertlar forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda Mo‘g‘uliston Milliy xavfsizlik kengashi Strategik tadqiqotlar institute (STI) tomonidan tashkil etilgan onlayn tadbirda ikki mamlakat diplomatik idoralari, yetakchi tahliliy va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari hamda ekspertlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Progressiv islohotlar markazi vakillari ishtirok etdi.
Mo‘g‘uliston tomonidan STI va Dengizga chiqish imkoniyati bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar xalqaro tahliliy markazi rahbarlari hamda mutaxassislari ishtirok etishdi.
Ekspertlar muloqoti O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi turli sohalardagi uzoq muddatli munosabatlarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashish imkonini berdi.
SMTI direktor o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyev tadbirni ochar ekan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga birinchi davlat tashrifi ortidan o‘tkazilayotgan forumning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, bu voqea ikki tomonlama munosabatlar tarixida gʻoyat muvaffaqiyatli boʻldi va barcha kutilgan natijalarni to‘la oqladi.
B.Mustafoyev ta’kidlashicha, Ulan-Batordagi muzokaralarning asosiy natijasi ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqqan Qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishi bo‘ldi. "Bu o‘zaro hamkorlikning mutlaqo yangi darajaga o‘tganidan dalolat beradi", - dedi SMTI vakili.
Ushbu fikrni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan Mo‘g‘ulistonning O‘zbekistondagi elchisi Batbaatar Daadanxu O‘zbekiston yetakchisining tashrifini ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni boshlab bergan burilish nuqtasi deb atadi.
Uning fikricha, har ikki mamlakatning har tomonlama hamkorlikka intilishi 15 dan ortiq bitim va protokollarning imzolanishi bilan yaqqol tasdiqlandi, bu esa yuqori darajadagi siyosiy ishonchni aks ettiradi. Diplomatning qo‘shimcha qilishicha, Mo‘g‘ulistonda O‘zbekiston elchixonasining ochilishi barcha darajadagi aloqalarni faollashtirish uchun mustahkam asos bo‘ladi.
STI markazi rahbari Soyolgerel Nyamjav ikki mamlakatning geografik uzoqligiga qaramay, iqtisodiy aloqalar faol rivojlanayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda Ulan-Batorda O‘zbekiston Savdo markazining ochilishi savdo hajmini sezilarli darajada oshirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, ekspert O‘zbekiston - Qirg‘iziston - Xitoy - Mo‘g‘uliston yo‘nalishi bo‘yicha avtomobil yo‘lagining pilot loyihasini yuqori baholadi. Uning fikricha, bu nafaqat eksport imkoniyatlarini kengaytiradi, balki Markaziy va Shimoli-Sharqiy Osiyoning iqtisodiy aloqasini mustahkamlab, yangi logistika imkoniyatlarini shakllantiradi.
STI eksperti Dashxuu Batmunx O‘zbekistonning tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan iqtisodiyoti, ayniqsa qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Tahlilchi tomonlar jun, terini qayta ishlash va halol go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma chorvachilik komplekslarini tashkil etish uchun ulkan salohiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xalqaro tahliliy markaz tadqiqotchisi Gonchigzeveg Enhzul O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi transport-logistika hamkorligi strategik ahamiyatga ega ekanligini qayd etib, har ikki davlatning dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati yo‘qligiga e’tibor qaratdi.
Shu nuqtayi nazardan, u "AKT, energetika va transport infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish orqali O‘zbekistonning Shimoliy va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarini mustahkamlash" loyihasini amalga oshirish va 2025-yil sentyabr oyida Toshkent hamda Ulan-Bator o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yilishini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, ushbu tashabbuslar logistika zanjirlarini kengaytirish, iqtisodiy integratsiyani jadallashtirish va ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Madaniy-gumanitar aloqalar xususida fikr bildirgan STI eksperti Davaajanstan Buyandelger, tarixiy aloqalar kelajakdagi hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratganini ta’kidladi. U O‘zbekiston Prezidentiga mo‘g‘ulistonlik talabalarga o‘qish uchun kvotalar ajratgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Bu tashabbus Mo‘g‘uliston yoshlariga mamlakat taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha sifatli ta’lim olish imkoniyatini yaratishini alohida ta’kidladi.
Umuman olganda, forum ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidentining Mo‘g‘ulistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarning jadal rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratganini e’tirof etdilar. Tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini izlash uchun ekspertlar muloqotini davom ettirish muhimligini alohida qayd etdilar.