Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
O‘zbekiston 10/12/2024 Toshkent viloyatidagi katta imkoniyatlar investitsiya va ish o‘rinlariga zamin

Toshkent viloyatidagi katta imkoniyatlar investitsiya va ish o‘rinlariga zamin

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-dekabr kuni Toshkent viloyatida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, ish o‘rni va investitsiyani ko‘paytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Toshkent viloyatida sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar, turizm, umuman, barcha sohalarda juda katta imkoniyatlar bor. So‘nggi yetti yilda hudud iqtisodiyoti 1,5 barobar o‘sgan. Sanoat korxonalari 2 barobar ko‘payib, 12 mingtaga yetgan.

Lekin imkoniyatlar bundan ancha ko‘p, ular to‘la ishga solinmayapti. Masalan, viloyatdagi jami yerlarning bor-yo‘g‘i 25 foizidan qishloq xo‘jaligida foydalaniladi. Har gektarga to‘g‘ri keladigan daromad ham boshqa joylarga nisbatan kam. Bekobod va Ohangaron shaharlari, Oqqo‘rg‘on, Chinoz, Piskent tumanlarida qayta ishlash darajasi juda past. Oziq-ovqat xavfsizligi, meva-sabzavotlar eksporti ham imkoniyatga yarasha emas.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda yerdan foydalanish samaradorligini oshirish choralari belgilandi. Unga ko‘ra, har bir klaster, fermer va dehqon xo‘jaligi maydonidagi ekinlar, mahsulot hajmi, ishchilari soni, soliq tushumi kabi ma’lumotlar «Agroplatforma» axborot tizimiga kiritiladi. Kelgusi yilda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 7 ta tumanda 52 ming gektarda 3 marta hosil olish yo‘lga qo‘yiladi. 5 ming gektarda sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar tashkil qilinadi.

Umuman, 22 ta tuman-shahardagi yerlar qayta ishlovchi va eksportchi korxonaga bog‘lanadi. Bu orqali kelasi yil 3,5 million tonna meva-sabzavot yetishtirib, 500 million dollar eksport qilish mumkinligi aytildi.

Toshkent viloyatining infratuzilmasi, logistikasi tadbirkorlik uchun juda qulay. Lekin ishlab chiqarish, savdo va xizmatlar umumiy maydoni uch yilda bor-yo‘g‘i 1,6 million kvadrat metrga oshgan, bu poytaxtdan 3,5 barobar kam. Investitsiyaviy loyihalar uchun toifasi o‘zgartirilgan 9 ming gektar yerning 2 ming gektaridan foydalanilmayapti. Bo‘sh turgan davlat inshootlari ham bor.

Holbuki, investorlar bu hududda “aqlli shahar”, tibbiyot klasteri, yashil energetika stansiyasi qurish tashabbusini bildirgan. Vodiylik va poytaxtlik minglab tadbirkorlar ham biznesini kengaytirish, yangi korxona, mehmonxona, savdo va turizm majmualari qurish uchun joy izlab yuribdi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va viloyat mutasaddilariga bu boradagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi. Bino va yerlarni tadbirkorlarga qulay shartda auksionga chiqarish, ularning negizida investitsiya, ish o‘rni va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Toshkent viloyati hokimi kelgusi yil 5 milliard dollar investitsiya jalb etish hamda eksportni 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi. Davlatimiz rahbari uning tarkibiga e’tibor qaratib, kutilayotgan investitsiyaning yarmi shundog‘am rivojlangan Olmaliq, Angren, Chirchiq shaharlari, Ohangaron, Zangiota va Qibray tumanlariga to‘g‘ri kelishini qayd etdi. Shu bois sanoat va xizmatlar nisbatan orqada bo‘lgan Oqqo‘rg‘on, Bekobod, Bo‘ka, Parkent, Piskent, Quyi Chirchiq va Chinozda qo‘shimcha loyihalar qilib, ish o‘rinlari ochish zarurligi ta’kidlandi.

Toshkent viloyatidagi imkoniyatlar hisobiga barcha aholini daromadli qilish mumkinligi aytildi. Kelgusi yilda viloyatda 700 ming odamning bandligini ta’minlab, ishsizlikni tabiiy darajasigacha tushirish, 22 ming oilani daromadli qilib, kambag‘allikni hozirgi 7,2 foizdan 4 foizga kamaytirish, mehnat migrantlarini yurtimizga qaytarib, ishga joylashtirish vazifa qilib olindi.

Prezidentimiz yig‘ilishda qatnashgan viloyat tadbirkorlari bilan ham muloqot qildi. Ularning taklif va tashabbuslariga alohida e’tibor qaratib, bu borada mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling