Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov "Rox Group" (Vyetnam) kompaniyasi asoschisi Tuan Chan bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda "Toshkent Invest" AJ boshqaruv raisi Bahrom Shakirov, rais o‘rinbosari Rustam Qodirov, Toshkent shahar investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Azizxon Shavkatov hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etdilar.
Shavkat Umurzakov Toshkent shahrini rivojlantirishning strategik manzarasini taqdim etdi. Bunda u qulay investitsiya muhitini yaratish, "yashil" energetikani rivojlantirish va energiya resurslari mustaqilligiga erishishga alohida e’tibor qaratdi. Poytaxtning yirik jahon brendlarini jalb etishdagi yutuqlari alohida ta’kidlandi. Bu esa shahar iqtisodiy siyosatiga bo‘lgan ishonchning yuqori darajada ekanligidan dalolat beradi.
Aholining tez sur’atlar bilan o‘sishi va uy-joy fondini kengaytirishga alohida e’tibor berildi. Shu bilan birga, ish o‘rinlari sezilarli darajada ko‘paygani, fuqarolarning to‘lov qobiliyati mustahkamlangani va yalpi ichki mahsulot o‘sgani qayd etildi. Hokim iqtisodiyot barqarorligini oshirish uchun kichik va yirik biznesni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xom ashyoni mahalliylashtirish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar "Rox Group" kompaniyasi "Toshkent Invest" vakolatli xodimlari bilan hamkorlik yo‘nalishlarini ishlab chiqishni davom ettirishga kelishib oldilar.