Toshkent aeroportida Music.glier guruhining musiqiy fleshmobi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent aeroportida yo‘lovchilar uchun kutilmagan, ammo hayratlanarli darajada ilhomlantiruvchi syurpriz – R.M. Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabining, ijtimoiy tarmoqlarda Music.glier nomi bilan tanilgan, iqtidorli o‘quvchilarining musiqiy fleshmobi bo‘lib o‘tdi.
Yosh virtuozlar – Asliddin Olimjonov, Saidjon Shirinov, Dostonbek Rustamov, Saidburxon Saidahmedovlar "Instagram" platformasida jahon va mahalliy xitlarni jonli ijro etgan yorqin videolari tufayli tanilib kelmoqda. Maktab studiyasini jonli auditoriyaga ega bo‘lgan joyga almashtirish g‘oyasi Afisha.uz madaniyat va dam olish axborot portali tomonidan ilgari surildi.
"Afisha.uz saytidagi hamkasblarimiz aeroportda music.glier guruhi ishtirokida flesh-mob tashkil etishni taklif qilishganida, biz ikkilanmasdan "ha" deb javob berdik, chunki bunday tadbir yo‘lovchilarni ham, musiqachilarni ham befarq qoldirmasligiga shubhamiz yo‘q edi. So‘nggi yillarda poytaxt aeroporti raqslarni ham, operani ham bir necha marotaba ko‘rdi ammo yo‘lovchilar bu yigitlarni o‘zgacha ishtiyoq bilan kutib olishdi”, - deya izoh berdi "Uzbekistan Airports" kompaniyasi matbuot xizmati.
Yosh musiqachilar poytaxt aeroporti yo‘lovchilari uchun mashhur filmlar saundtreklarini, mahalliy va xorijiy ijrochilarning kompozitsiyalarini ijro etib, yorqin tuyg‘ularga to‘la o‘ziga xos muhit yaratishdi.