Toshkent aeroporti yaqinida yong‘in sodir bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 1 avgust kuni kechqurun Toshkent xalqaro aeroportining P7 avtoturargohiga tutash yashil hududda yongʻin sodir boʻldi.
Soat 18:17 da avtoturargoh xodimi quruq o’t tutayotganini payqagan va o‘z vaqtida yong‘in xavfsizligi xizmatiga xabar bergan. Oradan bir necha daqiqa o‘tib, soat 18:21 da voqea joyiga Aeroport yong‘in xavfsizligi xizmatining ikkita o‘t o‘chirish brigadasi yetib keldi. Soat 18:32 da yong‘inni tezroq bartaraf qilish uchun shahardan yana bir brigada jalb qilingan.
O‘t o‘chiruvchilarning tezkor harakatlari natijasida soat 18:37 ga kelib yong‘in to‘liq o‘chirildi. Qurbonlar yo‘q, aeroport va avtoturargoh infratuzilmasi zarar ko‘rmagan.
Yong‘in sabablari aniqlanmoqda.