Valyuta kurslari 26/12/2024
$1 – 12928.27
UZS – 0,14%
€1 – 13462.21
UZS – 0,35%
₽1 – 129.66
UZS – 0,44%
Qidirish
O‘zbekiston 25/12/2024 To‘lov intizomi ta’minlanadi

To‘lov intizomi ta’minlanadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida yangi to‘lov mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida tegishli vazirlik va idoralar vakillari, huquqshunos va ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan ishchi guruh yig‘ilishlarida ushbu qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinib, unga kiritilayotgan har bir norma deputatlar tomonidan chuqur tahlil qilindi. Qonun loyihasi “inson manfaati hamma narsadan ustun” tamoyili asosida takomillashtirildi.

Mazkur qonun loyihasida iste’molchiga chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlardan qarzdorligi yuzasidan qisqa xabar (SMS) orqali xabardor qilingandan keyin besh kunlik muddat berilishi belgilanmoqda. Shundan so‘nggina, qarzdorlik bartaraf etilmaganda elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklashga qaratilgan huquqiy normalar tatbiq etiladi.

Shu bilan birga, loyihada iste’molchilar huquqlariga rioya etish kafolatlari to‘la mustahkamlanib, maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishga ixtisoslashgan tashkilotlar to‘lovlarning haqqoniy va to‘g‘ri hisoblanishi uchun javobgar bo‘lishi, mazkur talablar buzilgan hollarda iste’molchiga yetkzilgan zarar qoplanishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklashni ushbu qarzdorlik bartaraf etilgan taqdirda avtomatik ravishda bekor qilishi o‘z ifodasini topmoqda.

Munozaralarda bir qator savollar o‘rtaga tashlandi. Xususan, deputat Azamat Pardayev qonun loyihasi yuzasidan o‘z munosabatini bildirib, unda nazarda tutilayotgan besh kunlik muddat qaysi mezonlar asosida belgilanayotgani bilan qiziqdi.

Qonun tashabbuskorlari bu bo‘yicha atroflicha javob qaytarib, ushbu hujjat chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov mexanizmlarini takomillashtirishga, chiqindi xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirishga, ekologiya va atrof-muhitni saqlashga xizmat qilishini qayd etdilar.

Majlisda qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling