Termiz muloqoti hujjatlashtirildi: Ekspertlar qanday xulosaga keldi?
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Termiz shahrida ilk bor tashkil etilgan “Termiz muloqoti” Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Ushbu muloqot yuzasidan Progressiv islohotlar markazi maxsus hujjatli film tayyorladi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti, Progressiv islohotlar markazi, Tashqi ishlar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tomonidan tashkil etildi. U O‘zbekiston tashqi siyosatida uzoq yillardan beri olib borilayotgan ochiq muloqot va mintaqaviy hamkorlikka asoslangan yondashuvning amaliy ifodasidir.
Ayniqsa, Afg‘onistonni tinchlik va taraqqiyot jarayonlariga jalb qilish bo‘yicha tashabbuslar endi real samara bera boshladi. “Termiz muloqoti” Shavkat Mirziyoyev ilgari surayotgan yaqin qo‘shnichilik, mintaqaviy integratsiya, Afg‘onistonda tinchlik, ochiq muloqot va transport-savdo bog‘liqligini oshirish kabi tashabbuslar asosida o‘tkazildi.
Filmning bosh maqsadi – ushbu muhim muloqotni hujjatlashtirish, ishtirokchilarning tahlil va qarashlarini keng jamoatchilikka yetkazish hamda Afg‘onistonni mintaqaviy taraqqiyotga jalb qilishga qaratilgan real sa’y-harakatlarni ko‘rsatishdir. Forumda 20 dan ortiq mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari, jami 200 ga yaqin siyosatshunoslar, iqtisodchilar va tadbirkorlar ishtirok etdi. Tadbir nafaqat mintaqaviy integratsiya masalalari, balki Afg‘onistonni bu jarayonga qanday qo‘shish mumkinligi haqidagi fikr almashuvlar uchun ham ochiq maydon bo‘ldi.
Forum nufuzli ilmiy-tadqiqot markazlari vakillarining fikr almashuvi uchun muhim platformaga aylandi. Hujjatli filmda Afg‘onistonning mintaqadagi roli, uni siyosiy va iqtisodiy integratsiyaga jalb etish zarurati, hamkorlik orqali taraqqiyotga erishish yo‘llari keng ko‘rsatib berilgan. Xalqaro ekspertlar Afg‘onistonning geosiyosiy ahamiyati, infratuzilma muammolari, iqtisodiy imkoniyatlari va yangi savdo yo‘llarining ochilishi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi. Xususan, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kaxa Imnadze mintaqaning o‘zaro bog‘liqligini ta’kidlab, shunday deydi: “Xavfsizlik, iqlim yoki taraqqiyot bo‘ladimi – Markaziy Osiyo Janubiy Osiyosiz, Janubiy Osiyo esa Markaziy Osiyosiz barqaror rivojlana olmaydi.”
Afg‘onistondagi “Harakat” konsalting kompaniyasi boshqaruvchisi Fazli Xodjat esa shunday deydi: “Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va ularning orasidagi Afg‘onistonning geografik joylashuvi ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Eng muhimi, foydalanilmagan bozorlar, yosh mehnat kuchi va mamlakatlarning iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy jihatdan integratsiyaga qiziqishining ortishi bularning barchasi imkoniyatdir.”
AQSHdagi Markaziy Osiyo–Kavkaz instituti rahbari Svante Kornell esa O‘zbekistonning Afg‘onistondagi har qanday siyosiy tuzum bilan muloqot olib borish qobiliyatini e’tirof etgan holda, bu tajribaning mintaqaviy barqarorlik uchun muhim ekani haqida fikr bildirdi.