Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 3-fevral kuni Tehronda Qozog‘iston raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov boshchilik qildi.
Tomonlar 2025-yilda Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan IHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildi.
Tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish va IHT doirasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
“IHT nigohi 2025” va O‘zbekiston Prezidentining “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konseptual hujjatini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbusini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.