TDYUU huzuridagi akademik litseylar bitiruvchilarini suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori (374-son, 18.06.2025 y.) bilan “Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini “yurisprudensiya” yo‘nalishi mavjud oliy taʼlim tashkilotlariga suhbat asosida test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizom qabul qilindi.
Nizom 2023/2024 va 2024/2025 o‘quv yillarida TDYUU huzuridagi akademik litseylarga qabul qilingan o‘quvchilarga nisbatan tatbiq etiladi.
Bitiruvchilar 20 iyunga qadar oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriatiga suhbat asosida test sinovlarisiz o‘qishga kirish uchun tavsiya qilishni so‘rab maxsus komissiyaga ariza beradi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
bitiruvchining xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat;
bitiruvchining shaxsiy yutuqlari, akademik litseyning ijtimoiy hayotidagi faol ishtirokini tasdiqlovchi hujjatlar.
Tavsiya qilingan bitiruvchilarga oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriatiga suhbat asosida test sinovlarisiz o‘qishga kirish huquqi dastlabki 2 yil uchun amal qiladi.
Har yili 1 iyulgacha suhbat komissiyasi tashkil etiladi.
Yakka tartibdagi suhbat natijalari 100 balli tizimda ballar qo‘yish yo‘li bilan baholanadi.
Abituriyent quyidagi hollarda o‘qishga qabul qilinmaydi:
yakka tartibdagi suhbat o‘tkazish jadvaliga muvofiq suhbatga kelmaganda;
yakka tartibdagi suhbatda belgilangan maksimal ballning 56 foizidan kam ball to‘planganda.
Har yili 10 avgustgacha oliy taʼlim tashkilotlari rektorlarining abituriyentlarni bakalavriatga o‘qish uchun tavsiya etish to‘g‘risidagi buyruqlari qabul qilinadi.