Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov TBC Group xalqaro operatsiyalar bo‘yicha rahbari Oliver Xyuz, TBC Group Uzbekistan kompaniyasining Bosh direktori Nika Kurdiani hamda TBC Bank Uzbekistan'ning Bosh direktor o‘rinbosari va Risklar bo‘yicha boshqaruvchi Xikoyat Mullajonova bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyot sohasidagi taraqqiyoti, raqamli xizmatlar joriy etilishi va unda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash va zamonaviy texnologik yechimlar yuzasidan fikr almashildi.
Muhokamalar davomida O‘zbekistonda raqamli banking xizmatlarini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar mijozlar uchun qulay, xavfsiz va intellektual tahlillarga asoslangan raqamli moliyaviy xizmatlar yaratish bo‘yicha ilg‘or tajriba va texnologiyalarni tatbiq etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanish orqali mijozlarning talab va ehtiyojlarini tahlil qilish, xavf-xatarlarni oldindan baholash va moliyaviy xizmatlarni yanada optimallashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, bulutli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha istiqbolli loyihalar: xususan, davlat va korporativ tashkilotlar uchun bulutli yechimlar yordamida ma’lumotlarni xavfsiz saqlash va ulardan samarali foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida sun’iy intellektning turli sohalardagi ahamiyati, xususan, moliyaviy xizmatlarda avtomatlashtirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish tizimlarini optimallashtirish va xavfsizlikni ta’minlashdagi roli ta’kidlandi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.