Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — TBC Bank Uzbekistan yangi korporativ obligatsiyalar emissiyasini joylashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Yagona korporativ ma’lumotlar portalida e’lon qilingan.
6-dekabr kuni bank boshqaruvi tomonidan mazkur obligatsiyalarni chiqarish qarori bir ovozdan ma’qullangan.
Obligatsiyalar oldindan tanlangan investorlar o‘rtasida yopiq obuna orqali joylashtiriladi.
Mazkur emissiya doirasida TBC Bank Uzbekistan har birining nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan 128 million dona obligatsiyani taklif etadi.
Umumiy emissiya hajmi 128 milliard so‘mni tashkil etadi.
Obligatsiyalarning muomalada bo‘lish muddati ikki yil (730 kun) etib belgilangan. Kupon foiz stavkasi emissiya qarorida ko‘rsatiladi va bu qaror Milliy istiqbolli loyihalar agentligida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
Obligatsiyalarni joylashtirish emissiya ro‘yxatga olingandan keyin 20 ish kuni ichida yakunlanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil noyabr oyida TBC Bank Uzbekistan 40 milliard so‘mlik obligatsiyalarni 24% yillik foiz stavkasi bilan joylashtirgan edi. O‘shanda obligatsiyalar bankning moliyaviy-investitsion guruhiga tegishli TBC Capital orqali joylashtirilgan edi.