TBC Bank Group O‘zbekistonda o‘sishni tezlashtirish uchun 200 million dollar jalb qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — TBC Bank Group Markaziy Osiyodagi yetakchi raqamli bank ekotizimining o‘sishini tezlashtirish uchun 200 million AQSh dollari miqdoridagi obligatsiyalar chiqarilishini e’lon qildi.
Uch yillik sintetik obligatsiyalar oʻzbek soʻmida taqdim etiladi, hisob-kitoblar AQSh dollarida amalga oshiriladi, kupon stavkasi soʻmda 22 foizni tashkil etadi. Muomalaga kiritish bir nechta transhlarda amalga oshiriladi: birinchisi — 140 million AQSh dollari hajmida, qolganlari esa 12-18 oylik muddatga, 60 million AQSh dollari hajmida. Viena MTF (Avstriya) platformasida joylashtirilgan obligatsiyalarga boʻlgan yuqori talab investorlarning Guruh strategiyasiga bo‘lgan ishonchini va Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega, iqtisodiyoti tez sur’atlarda o‘sayotgan hamda ulkan salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Yig‘ilgan mablag‘lar TBC Uzbekistan’ni rivojlantirish va ekotizimning mahsulot qatorini kengaytirishga yo‘naltiriladi. Kompaniya o‘z mahsulotlari va xizmatlarini faol ravishda diversifikatsiya qilmoqda va yangi, jadal rivojlanayotgan segmentlarni, jumladan kichik va o‘rta biznesga xizmat ko‘rsatish hamda kreditlashni o‘zlashtirmoqda.
Vaxtang Butskhrikidze, TBC Bank Group bosh direktori: “Biz O‘zbekistonda jadal rivojlanayotgan biznesimizga obligatsiyalar chiqarilishi va qo‘shimcha investitsiyalar jalb etilayotgani haqida e’lon qilishdan mamnunmiz. Qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan yuqori talab investorlarning daromadli o‘sish strategiyamizga va umuman O‘zbekiston bozorining salohiyatiga bo‘lgan ishonchini aks ettiradi. Bundan tashqari, bitim O‘zbekistonda biznesimizning rivojlanish sur’atlarini oshirishga imkon beradigan guruhning ommaviy maqomining sinergik imkoniyatlari va afzalliklarini yaqqol namoyish etadi. Ishonchim komilki, TBC Uzbekistan daromadli o‘sishni davom ettiradi va Guruh natijalariga tobora ko‘proq hissa qo‘shadi. Biz ekotizimning 2025-yil uchun barcha maqsadli ko‘rsatkichlariga muvaffaqiyatli erishilishini kutmoqdamiz”.
Oliver Xyuz, TBC Bank Group Xalqaro biznes boshlig‘i: “Biz O‘zbekistonda tez sur'atlar bilan o‘smoqdamiz: 2025-yilning birinchi choragida ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 19,7 millionga yetdi. Yuqori rentabellik TBC Uzbekistan’ga mijozlar ishtiroki va daromadlarini oshirish uchun mahsulot qatorini kengaytirish va sinergiyaning yangi imkoniyatlariga e’tibor qaratish imkonini beradi. Qo‘shimcha moliyalashtirish kichik va o‘rta biznes uchun o‘z toifasidagi eng yaxshi mahsulotlarni ishga tushirish va O‘zbekistonning raqamli bank sohasida yetakchilikni saqlab qolish orqali ushbu faoliyatni faollashtirishga imkon beradi”.