"Tatlift" kompaniyasi Buxoroda amaliy ishga kirishdi: Loyiha yiliga 2000 dona lift ishlab chiqarishga mo'ljallangan
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Tataristonning Gulshat Zagudulina boshchiligidagi delegatsiya Buxoroga keldi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashuvda oʻzaro tashriflar doirasida hamkorlikda malga oshirishga kelishilgan Buxoro viloyatida “Tatlift” kompaniyasi bilan lift ishlab chiqarish loyihasining joriy holati va istiqboldagi masalalari keng muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi maxsus sanoat parki” hududida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan loyiha doirasida fikr almashishdi.
Loyiha kompaniya vakillari tomonidan yana bir bor taqdimot qilindi. Unga koʻra, umumiy qiymati 5,5 million AQSH dollarini tashkil etadigan ushbu loyiha Buxoro viloyatida sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, yangi texnologiyalarni jalb etish va ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda. U yiliga 2 ming dona lift ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi. Eʼtiborli jihati, ushbu tashabbus tufayli 150 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Uchrashuv yakunida Buxoro viloyati hokimligi va “Tatlift” kompaniyasi oʻrtasida anglashuv Memorandumi imzolandi. Shuningdek, loyiha doirasida ishtirok etuvchi hamkor kompaniyalar rahbarlari bilan ham alohida kelishuvlar imzolandi.