Tataristonlik Rais ish safari bilan Buxoroga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Rustam Minnixanov Buxoroga tashrifi davomida “Buxoro sanoatni rivojlantirish majmuasi” maxsus sanoat parkida amalga oshirilgan qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Shu yerda mutasaddilar maxsus sanoat parki hududida bajarilgan ishlar, istiqboldagi rejalar haqida taqdimot qilishdi.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda maxsus sanoat parki hududida rejalashtirilgan dastlabki bosqichdagi qurilish ishlari yakuniga yetkazilgan. Park zarur infratuzilma bilan ta’minlangan.
Shuningdek, obyektda kelishuvga asosan xorijiy davlatlarining 18 ta kompaniyasi tomonidan 400 mln. AQSH dollarilik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha loyiha tashabbuskorlari tomonidan ham ishlar boshlangan.
Bundan tashqari, “Anhui Conch Cement Company Limited” kompaniyasi tomonidan qiymati 20 mln. AQSH dollarilik sendvich panelli eshik va deraza romlari ishlab chiqarish, “Ariko” MCHJ tomonidan qiymati 7,2 mln. AQSH dollariga teng poliester tolasi ishlab chiqarish, “Energotek” MCHJ tomonidan qiymati 4,5 mln. AQSH dollari bo‘lgan polimer quvurlar ishlab chiqarish liniyalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Tashrif doirasida hududning sanoat va eksport salohiyatini rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi mahsus sanoat parki direksiyasi va “Marshal FT” MCHJ o‘rtasida yengil transportlar, yuk va maxsus texnikalar uchun DVS havo filtrlari ishlab chiqarish, “Fort Verniy” MCHJ hamkorligida tog‘-kon, qurilish materiallari, va maxsus bo‘yoqlar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlar imzolandi.