Tashkent Pharma Park klasteriga Xitoy farmatsevtika kompaniyalari qiziqish bildirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 23 iyul kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Xitoy Xalq Respublikasining yirik farmatsevtika va sanoat kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga Xitoyning O‘zbekistondagi Savdo palatasi raisi Lyu Yuy boshchilik qildi.
Uchrashuv chog‘ida Xitoylik mehmonlarga "Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri loyihasi, uning infratuzilmaviy imkoniyatlari, sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va davlat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Muloqot davomida onkologiya, kardiologiya, kosmetika va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Xitoyning 60 ga yaqin yetakchi farmatsevtika kompaniyalari ishtirokida onlayn muloqot tashkil etish, eksport-import ko‘rsatkichlari bo‘yicha maʼlumot almashish va hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash taklifi ilgari surildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar axborot almashinuvi va ishchi muloqotni davom ettirish, sarmoyaviy hamkorlik yuzasidan amaliy qadamlarni belgilashga kelishib oldilar.