Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun, 4 yanvar kuni Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalida Olmaotadan kelgan “Jibek joly” turistik temir yo‘l poyezdini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir tashkilotchilari sifatida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “Qazaqstan temir joli” AJ chiqishdi.
Turistik “Jibek joly” poyezdi ikkinchi reysini 2025-yilning 2-7 yanvar kunlari Olmaota — Turkiston — Toshkent — Samarqand — Chimkent —Olmaota marshruti bo‘yicha amalga oshirdi. Poyezd chiptalari turistik agentliklar orqali sotildi.
Marshrut Buyuk Ipak yo‘li izidan o‘tib, Qozog‘iston va O‘zbekistonning asosiy tarixiy va madaniy diqqatga sazovor joylarini o‘z ichiga oladi. Dastur ekskursiyalar, ovqatlanish va gidlar hamrohligidagi xizmatlarni o‘z ichiga oladi.
Toshkent va Samarqand shaharlarida ikki mamlakat turistik biznes vakillari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish uchun uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan. “Jibek joly” poyezdi Markaziy Osiyoda ichki va xalqaro turizmni rivojlantirishga yordam beradi.