Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Tanzila Narboyeva O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi etib saylandi.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga senator Sodiq Safoyev, rais o‘rinbosari lavozimiga senator Amanbay O‘rinboyev saylandi.
Prezident senatorlar tomonidan Senat raisi va uning o‘rinbosarlari etib saylangan Tanzila Narbayeva, Sodiq Safoyev, Amanbay Orinbayevni ularga bildirilgan yuksak ishonch bilan tabriklab, ularning kelgusi faoliyatida yutuq va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tiladi.
“O‘zingiz bir tasavvur qiling – 37 millionlik xalqdan faqatgina 65 nafar insonga senator bo‘lishdek yuksak sharaf va baxt nasib etdi. Bu ulkan ishonch va mas’uliyatning qadriga yetish, uni halol va sodiq xizmat bilan oqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.
Sizlar Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishga munosib hissa qo‘shasizlar, xalqchil va adolatli qonunlar qabul qilib, barchaga o‘rnak bo‘lasizlar, deb tilak bildiraman.
Men siz, muhtaram senatorlar timsolida ana shunday katta ishlarga qodir, O‘zbekiston oldida turgan strategik vazifalarni chuqur anglaydigan, Vatan va xalq manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yadigan fidoyi insonlarni – o‘zimning eng yaqin maslakdoshlarimni ko‘raman.
Sizlar bor bilim va tajribangiz, kuch va imkoniyatingizni ishga solib, mamlakatimiz hayotida, Senat faoliyatida yangi, yorqin sahifa ochasiz, deb ishonaman”, dedi Prezident majlis yakunida.