Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda deputatlar tadbirkorlik subyektlari aynan bir huquqbuzarlik uchun bir necha marotaba javobgarlikka tortilishining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
Ushbu qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Soliq kodekslariga shaxsning sodir etgan aynan bir huquqbuzarlik uchun bir marotaba javobgarlikka tortilishini ta’minlash va soliq ma’muriyatchiligining yanada takomillashtirilishiga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator yig‘ilishlar, seminarlar o‘tkazildi. Ularda deputatlar tomonidan uni birinchi o‘qishda muhokama qilish chog‘ida berilgan ko‘plab takliflar, fikr-mulohazalar chuqur tahlil qilindi va ularning aksariyati hujjat matnida aks etdi.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha berilgan taklif inobatga olinib, qonun loyihasi maromiga yetkazildi.
Munozaralar davomida soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish, soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun belgilangan javobgarlik choralari, shu jumladan moliyaviy sanksiyalar va ma’muriy jarimalar qo‘llashning tadbirkorlik subyektlari uchun salbiy oqibatlar keltirib chiqarmasligiga oid normalarga alohida e’tibor qaratildi. Loyihadagi soliq imtiyozlarini taqdim qilishga oid masalalar deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni liberallashtirish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish, tadbirkorlik subyektlari oldidagi majburiyatlarni kamaytirish, ularning aylanma mablag‘larini biznesni rivojlantirishga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.