Tadbirkorlar bir huquqbuzarlik uchun bir necha marotaba javobgarlikka tortilmaydilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar tadbirkorlik subyektlari aynan bir huquqbuzarlik uchun bir necha marotaba javobgarlikka tortilishining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qildilar.
Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni belgilashda insonparvarlik va adolat prinsiplariga tayanilmoqda. Lekin, ayrim hollarda huquqbuzarlik natijasida yetkazilgan zarar miqdoriga mutanosib javobgarlik chorasi belgilanmagani tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy ahvolini yomonlashuviga olib kelishi mumkin.
Bu esa o‘z navbatida, soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish, soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun belgilangan javobgarlik choralari, shu jumladan moliyaviy sanksiyalar va ma’muriy jarimalar qo‘llashning tadbirkorlik subyektlari uchun salbiy oqibatlar keltirib chiqarmasligini ko‘zda tutishni talab etmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Soliq kodekslariga shaxsning sodir etgan aynan bir huquqbuzarlik uchun bir marotaba javobgarlikka tortilishini ta’minlash va soliq ma’muriyatchiligining yanada takomillashtirilishiga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti.
Deputatlar tomonidan soliq qonunchiligiga kiritilayotgan bu kabi o‘zgartirishlar tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash, mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qilishi alohida e’tirof etildi.
Xalq vakillarining fikriga ko‘ra, qonun loyihasining qabul qilinishi soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni liberallashtirish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish, tadbirkorlik subyektlari oldidagi majburiyatlarni kamaytirish, ularning aylanma mablag‘larini biznesni rivojlantirishga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.