Tadbirkor ayollar kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 26 mart kuni Prezident tashabbusi bilan Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etilgan Tadbirkor ayollar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-103-sonli qaroriga muvofiq Savdo-sanoat palatasi huzurida Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etildi.
Ushbu tashabbus ayol tadbirkorlarning biznesda faol ishtirok etishiga ko‘maklashish, ularning huquqlarini himoya qilish hamda huquqiy, moliyaviy va amaliy yordam berish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Kengashning asosiy vazifalari:
- muntazam ravishda hududlarga chiqib, tadbirkor xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- tadbirkor ayollarning ilg‘or tajribalarini boshqa hududlarda ommalashtirishga ko‘maklashish;
- avval tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlab, ularning muammolarini hal qilish va biznes g‘oyalarini amalga oshirishga ko‘maklashish;
- tizimli muammolarni hal qilish yuzasidan Hukumat va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga takliflar kiritib borish.
Kengash tarkibida 27 ta aʼzo, shulardan 21 nafari ilg‘or tadbirkor ayollar. Ular tomonidan 2 639 ta yangi ish o‘rni yaratilgan, $7,6 mlnlik eksport hamda 402,8 mlrd so‘mlik tovar aylanmasi amalga oshirilgan.
Yig‘ilishni Prezident Administratsiyasi masʼul xodimi, Tadbirkor ayollar kengashi raisi Nozimaxon Davletova hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari, Kengash raisi o‘rinbosari Nodira Shotursunova kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Kun tartibiga muvofiq, kengash faoliyati, vakolatlari va vazifalari muhokama qilinib, hududiy ekspert guruhlarini tashkil etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, yig‘ilishda Tadbirkor ayollar kengashining Nizomi, uning faoliyat yo‘nalishlari, kengashning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini belgilaydigan “Yo‘l xaritasi”, shuningdek, tadbirkor ayollar muammolarini o‘rganish va hal etishga qaratilgan “Sayyor qabul” grafigi muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida tadbirkor ayollar uchun yaratilgan imkoniyatlar, ularga moliyaviy va huquqiy yordam ko‘rsatish, biznesni rivojlantirishdagi dolzarb muammolar va ularni hal etish mexanizmlari bo‘yicha takliflar ham bildirildi. Shuningdek, turli hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkor ayollar o‘rtasida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida Tadbirkor ayollar kengashining Nizomi, “Yo‘l xaritasi” va “Sayyor qabul” reja-grafigi tasdiqlandi. Shuningdek, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha qator takliflar ishlab chiqildi.