Sun’iy intellekt: inson qadr-qimmatiga putur yetkazmaslik talablari belgilanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasida “sun’iy intellekt” tushunchasi, sun’iy intellektni joriy etish va rivojlantirishga oid davlat siyosatining asoslari, maxsus vakolatli organ vazifalari, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanishning umumiy huquqiy asoslari belgilanmoqda.
Qonun loyihasi insonlarning ajralmas huquqlariga sun’iy intellekt texnologiyalarining salbiy ta’sir o‘tkazishidan himoya qiladi. Xususan, sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari insonga, uning hayotiga, sog‘lig‘iga, erkinligiga, sha’niga, qadr-qimmatiga putur yetkazmasligi va boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligiga oid talab belgilanyapti.
Insonning huquq va erkinligiga aloqador yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqatgina sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosasiga tayanib qolish mumkin emasligi o‘z aksini topmoqda.
Shuningdek, loyihada sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va uni OAV hamda Internetda tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanyapti.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar, ekspertlar va olimlarning fikri inobatga olinib, loyiha yanada takomillashtirildi.
Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi cun’iy intellektdan foydalanishni yanada rivojlantirish, uni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solish, bu yo‘nalish bo‘yicha yangi qonun hujjatlarini qabul qilish, sun’iy intellektdan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va tarqatishning oldini olishga xizmat qilishi qayd etildi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.