Valyuta kurslari 24/06/2025
$1 – 12410.99
UZS – -0,69%
€1 – 14237.89
UZS – -1,16%
₽1 – 158.38
UZS – -0,63%
Qidirish
O‘zbekiston 27/05/2025 Sunʼiy intellekt va inson huquqlari

Sunʼiy intellekt va inson huquqlari

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 27-28 may kunlari Qatar poytaxti Doha shahrida "Sunʼiy intellekt va inson huquqlari: imkoniyatlar, xavf-xatarlar va yorqin kelajak tasavvuri" mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Forumda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

Xalqaro konferensiya Qatar Inson huquqlari bo‘yicha milliy qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilmoqda. Tadbir BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, BMT Taraqqiyot dasturi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar global alyansi ko‘magida tashkil etildi.

Anjumanning ochilishida Qatar Inson huquqlari bo‘yicha milliy qo‘mitasi raisi Maryam bint Abdulla al-Attiya, Qatar Aloqa va axborot texnologiyalari vaziri Muhammad bin Ali al-Mannai, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy kengash raisi Amina Buayash (Marokash), Arab parlamenti raisi Muhammad Ahmad al-Yamahiy, Kiberxavfsizlik bo‘yicha milliy agentlik va BMTning Taraqqiyot dasturi vakillari so‘zga chiqdilar.

Anjuman davomida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi aʼzosi Akmal Saidov sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi milliy tajriba haqida to‘xtaldi. U inson huquqlari himoyasini va axloqiy jihatlarni hisobga olgan holda cunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.

A.Saidov O‘zbekistonda 2030 yilgacha sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha Milliy strategiya tasdiqlangani, unda texnik ustuvor vazifalar bilan bir qatorda raqamli transformatsiyaning ijtimoiy va axloqiy jihatlariga ham eʼtibor qaratilganini qayd etdi. Yangi ish o‘rinlari yaratishga, taʼlim tizimini qo‘llab-quvvatlashga va aholining raqamli savodxonligini oshirishga yordam beradigan sunʼiy intellekt yechimlarini ishlab chiqish ushbu Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatda IT-kompetensiyalar va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan milliy dasturlar faol amalga oshirilmoqda. Shuningdek, sunʼiy intellekt to‘g‘risidagi qonun birinchi o‘qishda qabul qilingan, bu esa Yangi O‘zbekistonda jadal texnologik rivojlanish sharoitida huquqiy bazani shakllantirishga intilish kuchli ekanidan dalolat beradi.

Qatardagi konferensiyada dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan 400 dan ortiq ishtirokchi jam bo‘ldi. Xalqaro anjuman ishida, jumladan, hukumatlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, xalqaro tashkilotlar, akademik tuzilmalar, xususiy sektor vakillari, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasi ekspertlari qatnashmoqda.

Tadbirning bunday keng ko‘lami nafaqat mavzuning dolzarbligini, balki sunʼiy intellektni inson huquqlariga rioya qilish nuqtai nazaridan tartibga solish borasida yagona yondashuvlarni ishlab chiqishga global qiziqish ortib borayotganini ham ko‘rsatmoqda. Konferensiya doirasida inson huquqlari, axloq va barqaror rivojlanish sohasidagi xalqaro standartlar asosida sunʼiy intellektni tartibga solish bo‘yicha muvozanatli yondashuvlar ishlab chiqiladi.

O‘zbekiston delegatsiyasining ayni Forumdagi ishtiroki, bir tomondan, mamlakatning global inson huquqlari kun tartibidagi faol ishtirokini anglatadi. Ikkinchi tomondan, bu ishtirok davlatimizning xalqaro muloqotni mustahkamlash, qonun ustuvorligi, ochiqlik tamoyillarini ilgari surish va inklyuziv raqamli ekotizimni yaratishga qaratilgan izchil tashqi siyosat strategiyasini ham aks ettiradi. O‘zbekiston tomoni sunʼiy intellektni axloqiy tartibga solish, davlat institutlarini raqamli transformatsiya qilish va jadal raqamlashtirish sharoitida inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi milliy tajriba va ishlanmalarni taqdim etish niyatidadir.

Konferensiya doirasida keng ko‘lamli mavzularni muhokama qilish rejalashtirilgan. Jumladan, raqamli makonda shaxsiy maʼlumotlar himoyasini taʼminlash; sunʼiy intellektning demokratik jarayonlarga taʼsiri, fikr bildirish erkinligi va axborotdan foydalanish imkoniyati; mudofaa va razvedka texnologiyalari kontekstida raqamli xavfsizlik va inson huquqlariga rioya qilish masalalari atroflicha ko‘rib chiqiladi.

Forum dasturida raqamli yechimlarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga muvofiqligini taʼminlaydigan siyosat va strategiyalarni shakllantirishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar roliga alohida eʼtibor qaratilgan. O‘zbekiston delegatsiyasi tegishli shoʻba majlislarida ishtirok etib, raqamlashtirish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy tajribani taqdim etmoqda.

Konferensiya 28 mayda sunʼiy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishda inson huquqlariga rioya qilish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga olgan Yakuniy hujjatni qabul qilish bilan yakunlanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling