Valyuta kurslari 06/03/2025
$1 – 12900.37
UZS – -0,02%
€1 – 13818.88
UZS – 1,89%
₽1 – 143.80
UZS – -0,47%
Qidirish
Texnologiyalar 06/03/2025 Startup Garage Markaziy Osiyodan MENAda o‘z ofisini ochgan birinchi venchur studiyasiga aylandi

Startup Garage Markaziy Osiyodan MENAda o‘z ofisini ochgan birinchi venchur studiyasiga aylandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning yetakchi venchur studiyasi Startup Garage Qatarning Doha shahrida yangi ofis ochib, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika (MENA) mintaqasida faoliyatini kengaytirmoqda. Bu kengayish Startup Garage’ni Markaziy Osiyodan MENA hududida o‘z ofisini ochgan ilk kompaniyaga aylantirdi. Ushbu tashabbus ikki mintaqa o‘rtasidagi innovatsion hamkorlikni mustahkamlash va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Startup Garage asoschisi Muhammad Xalil yetakchiligida kompaniya atigi sakkiz oy ichida O‘zbekistonning 14 ta hududida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Aloqa Ventures ko‘magida ishlayotgan venchur studiya startaplarga mentorlik, moliyaviy ko‘mak va strategik yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib kelmoqda. MENA bozoriga chiqish orqali Startup Garage O‘zbekiston startaplari uchun Yaqin Sharqdagi tez rivojlanayotgan bozorlarga yo‘l ochadi, shuningdek, MENA hududidan Markaziy Osiyoga kengayishni istagan startaplarga yordam beradi.

“Ushbu kengayish O‘zbekiston va MENA mintaqasini bog‘lashda muhim qadamdir,” – dedi Startup Garage asoschisi Muhammad Xalil. “O‘zbekiston kuchli hukumat tashabbuslari, qulay investitsion muhit va jadal rivojlanayotgan startap ekotizimiga ega. MENA bozoriga chiqish orqali biz innovatsiyalar, investitsiyalar va bozor kengaytirilishini qo‘llab-quvvatlovchi ikki tomonlama kanal yaratmoqdamiz. Startup Garage maqsadi – startaplarni Toshkentda, Dohada yoki boshqa shaharlarda kengaytirish uchun zarur bo‘lgan resurslar bilan ta’minlashdir.”

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi doirasida, “Yoshlar banki” sifatida ham tanilgan Aloqa Bank qo‘llab-quvvatlagan Startup Garage yoshlar yetakchiligidagi startaplar uchun Aloqaventures  fondi orqali O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Dastur allaqachon 100 dan ortiq mahalliy startapni qo‘llab-quvvatladi, ulardan 10 tasi tashqi investitsiya olish jarayonida, 3 tasi esa 1 million dollarga yaqin sarmoya jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Startup Garage rezident startaplari o‘z o‘sishlarini tezlashtirish uchun 10 000 dollargacha sarmoya olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, bu esa ekotizim rivojlanishiga katta turtki beradi.

Aloqa Ventures ijroji direktori Suxrob Gaybulloev shunday dedi: “Startup Garage’ning MENA bozoriga chiqishi startaplar uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlarni ochadi. Biz O‘zbekiston va MENA o‘rtasidagi hamkorlikda ulkan salohiyatni ko‘rmoqdamiz va ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz. Mintaqaviy innovatsiyalar va iqtisodiy o‘sishga kuchli turtki berishga ishonamiz.”

Mazkur kengayish doirasida Startup Garage quyidagi yo‘nalishlarga e’tibor qaratadi:

·       Salohiyatli startaplarni inkubatsiya qilish

·       Mintaqaviy akselerator dasturlarini ishga tushirish

·       MENA hududidagi investorlar, davlat idoralari va yirik korporatsiyalar bilan strategik hamkorlikni rivojlantirish

Startup Garage haqida

Startup Garage – O‘zbekistonning birinchi venchur studiyasi bo‘lib, startaplarning rivojlanishini strategik qo‘llab-quvvatlash, murabbiylik va investitsiyalar orqali o’sishini tezlashtirishga xizmat qiladi. 14 ta hududda faoliyat yuritayotgan kompaniya keyingi avlod tadbirkorlarini tarbiyalashda muhim rol o‘ynamoqda. MENA bozoriga chiqish orqali Startup Garage Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasidagi chegaralar aro innovatsiyalar, investitsiyalar va texnologik hamkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling