Soliq qo‘mitasi texnik nosozlik oqibatlarini to‘liq bartaraf etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Soliq qo‘mitasi texnik nosozlik oqibatlarini bartaraf etish ishlari to‘liq yakunlanganini maʼlum qildi.
Barcha soliq to‘lovchilarga noto‘g‘ri yechib olingan mablag‘lar avtomatik tarzda to‘liq qaytarildi.
Shuningdek, mazkur vaziyat sababli tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida vaqtincha pasaygan ballari avvalgi holatiga tiklandi.
Izoh olish uchun https://appeal-bot.soliq.uz/ manzili orqali murojaatlar qabul qilinishi mumkin.
"Biz tushunamiz, ushbu holat ko‘plab savollar va xavotir uyg‘otdi. Shu sababli zudlik bilan soliq to‘lovchilarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni minimallashtirish bo‘yicha choralar ko‘rildi. Kelgusida bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun barcha choralarni ko‘ramiz. Sizning soliq xizmatiga bo‘lgan ishonchingiz va qatiyatingiz biz uchun muhim," – deya taʼkidladi Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev.
Maʼlumot uchun, Soliq qo‘mitasi maʼlumotlar bazasidagi texnik nosozlik tufayli 30,1 ming soliq to‘lovchidan asossiz ravishda jami 399,3 milliard so‘m yechib olingan edi.