Valyuta kurslari 05/02/2025
$1 – 12998.91
UZS – 0,11%
€1 – 13439.57
UZS – 1,16%
₽1 – 131.29
UZS – 1,12%
Qidirish
O‘zbekiston 24/01/2025 Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentdagi maktab o‘quvchilari orasida sil kasalligi aniqlanganini ma’lum qildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentdagi maktab o‘quvchilari orasida sil kasalligi aniqlanganini ma’lum qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi umumta’lim maktablaridan birida sil kasalligi qayd etilgani haqida tarqalgan xabarlarga izoh berdi.

Aniqlanishicha, Shayxontohur tumanidagi 59-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi M.S. 2024-yilning 26-dekabrida Toshkent shahar 3-son ftiziatriya dispanseriga murojaat qilgan.

Bemorning opasi M.D.ning so‘zlariga ko‘ra, singlisi M.S. so‘nggi oylarda tez-tez betob bo‘lgan. Davolanish uchun faqat xususiy klinikaga murojaat qilgan. Oxirgi marta LOR-shifokor ko‘rigidan keyin 3-son ftiziatriya dispanseriga yuborilgan.

Dispanserda o‘tkazilgan rentgenografiya tekshiruvi natijasida unga “O‘ng o‘pka yuqori bo‘lagi yallig‘langan sili, yemirilish davri, BK +” tashxisi qo‘yilgan va bemor darhol Toshkent shahar bolalar sil kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan.

M.S. bilan uyda muloqotda bo‘lgan 6 kishi (2 nafari 6 yoshgacha bolalar) 2024-yil 27-dekabrda 3-son ftiziatriya dispanserida rentgen tekshiruvidan o‘tkazilgan va ularda faol sil kasalligi aniqlanmagan.

Shuningdek, M.S. bilan muloqotda bo‘lgan va kasallik yuqtirish xavfi mavjud 59-sonli umumta’lim maktabi va bemor qo‘shimcha darsga qatnagan xususiy o‘quv maktabi o‘quvchilari va o‘qituvchilari Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi nazorati ostida 3-son ftiziatriya dispanserida rentgenografiya va diaskin test tekshiruvlaridan o‘tkazilgan.

Tekshiruvlar davomida 1 nafar o‘quvchi (2008-yilda tug‘ilgan A.A., bemor M.S.ning yaqin dugonasi)da “O‘ng o‘pka yuqori bo‘lagi o‘choqli sili” BK abs aniqlanib, u shifoxonaga yotqizilgan.

Shuningdek, 3 nafar o‘quvchi — A.A., R.M. va E.D. va 1 nafar o‘qituvchi B.U.larda kasallikka moyillik aniqlangani sababli profilaktik davo muolajalari boshlangan.

Aniqlangan kamchiliklarlar yuzasidan Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan 59-sonli umumta’lim maktabi direktoriga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Bugungi kunda 59-sonli umumta’lim maktabida davlat dasturi asosida kapital rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani sababli ushbu ta’lim muassasasining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari 115-umumta’lim maktabida, yuqori sinf o‘quvchilari esa tumandagi 82-sonli umumta’lim maktabida o‘qishni davom ettirmoqda.

Joriy yil 21-yanvarda 82-sonli umumta’lim maktabida tegishli zararsizlantirish va dimlash tadbirlari takroriy olib borildi. 2025-yil 22-yanvar kuni esa yalpi tozalash va shamollatish tadbirlari o‘tkazildi.

Shuningdek, 115-sonli umumta’lim maktabida ham 23-yanvar kuni tegishli zararsizlantirish va dimlash tadbirlari takroriy tashkil etildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling