Valyuta kurslari 18/06/2025
$1 – 12668.14
UZS – -0,37%
€1 – 14640.57
UZS – -0,61%
₽1 – 161.15
UZS – -0,37%
Qidirish
Iqtisod 18/06/2025 Sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori vositalarini noqonuniy savdoga chiqarilishining oldi olindi

Sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori vositalarini noqonuniy savdoga chiqarilishining oldi olindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 1949 y.t. fuqaro va uning 1979 y.t. o‘g‘lini Olmazor tumanidagi yashash manzili ko‘zdan kechirilganda, xonadon yerto‘lasida umumiy qiymati 1 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi “Trenaksa”, “Sumamigren”, “Femileks” kabi jami 72 nomdagi 3615 quti dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ota-bolalar mamlakatimizga noqonuniy olib kelingan bunday dori vositalarini muntazam ravishda vodiy viloyatlaridan arzon narxda xarid qilib, poytaxtdagi mijozlarga sotish bilan shug‘ullanishgan.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalari davlat reyestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan hamda ularni maxsus sharoitlarda saqlashning belgilangan qoidalariga amal qilinmagan. Shu sababli mazkur dori vositalarini yurtimizda saqlash, sotish, tashish va tibbiyotda qo‘llash taqiqlanadi.

Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25 orqali 186 prim 3-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur yo‘nalishda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahridagi dorixonalardan birida sotish uchun saqlab kelinayotgan, shubha uyg‘otuvchi 456 turdagi 57407 dona dori vositalari, 18 turdagi 835 dona dori vositalarining yasama bo‘sh qutilari hamda 1 dona dori tayyorlash moslamasi mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, dori vositalarning umumiy qiymati 3,5 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Shuningdek, ushbu dori vositalarining 160 turdagisi davlat reyestrida qayd etilmaganligi, 274 turdagisiga muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmaganligi, 50 turdagisi sifatsiz, yaroqlilik muddati o‘tgan hamda 7 turdagisi esa qalbakilashtirilganligi maʼlum bo‘ldi.

Holat yuzasidan dorixona mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186 prim 3-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling