ShHT Oliy sudlari bolalarni sud himoyasi va kiberjinoyatlarga qarshi kurashni muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov boshchiligidagi delegatsiya Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining Xanchjou shahrida Xitoy Xalq Respublikasi raisligida o‘tkazilgan yigirmanchi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Shuningdek, yig‘ilishda Belarus Respublikasi, Hindiston Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi Oliy sudlari raislari va sudyalari, SHHTning muloqot bo‘yicha hamkor-mamlakatlar – Ozarbayjon va Turkiya Oliy sudlari raislari, SHHT Kotibiyati va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi vakillari qatnashdi.
Do‘stona va ishchanlik muhitida, o‘zaro tushunish va ishonch ruhida o‘tgan yig‘ilishda tomonlar umummanfaatli odil sudlovning dolzarb masalalarini muhokama qilish barobarida sud organlarining huquqning turli yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorligi istiqbollarini ham ko‘rib chiqishdi.
Bugungi anjumanda kiberxavfsizlikka doir masalalar muhokama qilinar ekan, ishtirokchilar bir ovozdan bu boradagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda sud organlari o‘rtasida aloqalarni rivojlantirishga kelishib oldi.
Shuningdek, sudlar faoliyatiga sunʼiy intellektni tatbiq etishga doir tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilish davomida nizolarni sudgacha va sud jarayonida hal etishning muqobil usullari haqida tajribalar o‘rtoqlashilib, bu sohada sudlarning rolini mustahkamlash lozimligi eʼtirof etildi.
Bundan tashqari, yig‘ilish ishtirokchilari voyaga yetmaganlarning sud himoyasiga oid masalalarga ham alohida eʼtibor qaratgan holda bola huquq va manfaatlarini buzganlik uchun qatʼiy jazo choralarini qo‘llash zarurligini taʼkidladilar. Shuningdek, SHHT mintaqasida bola huquqlari himoyasiga oid qonunchilikni takomillashtirish, voyaga yetmaganlar huquqlari buzilishining oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarni boshqarish, bu boradagi tajriba almashinuvini yana-da kengaytirish, bola huquqlarini sud orqali himoya qilish doirasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash hamda voyaga yetmaganlar uchun sog‘lom huquqiy muhit yaratishga kelishib oldilar.
Yig‘ilish kun tartibidan zo‘ravonlik va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish mavzusi ham o‘rin oldi.
SHHTga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan maqsad hamda tamoyillariga tayangan holda kelgusida SHHTga aʼzo davlatlar sud organlarining inson huquq va erkinliklari himoyasi, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash sohasidagi faoliyatini yana-da takomillashtirish maqsadida oliy sud organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, ishonch va do‘stlikka asoslangan aloqalarni yana-da rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar.
Yig‘ilish ishtirokchilari milliy va xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyor va tamoyillariga asoslangan SHHTga aʼzo davlatlar sud tizimlarini rivojlantirish maqsadida Oliy sudlar o‘rtasidagi mazmunli muloqotni kelgusida ham davom ettirish muhimligini qayd etdilar.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining XX yig‘ilishi konstruktiv muloqot va samarali hamkorlik muhitida o‘tdi.
Yig‘ilish yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot imzolandi.
SHHTga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining yigirma birinchi yig‘ilishi 2026 yilda Eron Islom Respublikasida o‘tkazilishiga kelishib olindi.