Sherzod Shermatov Datavolt kompaniyasi bilan ekologik toza maʼlumotlar markazi qurish rejalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Datavolt kompaniyasi Bosh ijrochi direktori Rajit Nanda bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Datavolt kompaniyasi tomonidan Toshkent shahrida zamonaviy va ekologik toza texnologiyalar asosida qurilayotgan ma’lumotlar markazi loyihasining joriy holati, amalga oshirilgan ishlar va keyingi bosqichdagi rejalar muhokama qilindi.
Mazkur loyiha mamlakatda raqamli infratuzilmani yanada mustahkamlash, davlat va xususiy sektor uchun yuqori ishonchli va energiya samarador axborot platformasini yaratishga qaratilgan. Shu bilan birga, ushbu markaz “yashil energiya” manbalarida ishlaydigan ilk yirik infratuzilma obyekti bo‘lib, unda energiya samaradorligi va ekologik barqarorlik kabi mezonlar ustuvor ahamiyatga ega.
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekistonda “yashil energiya” sertifikatlari – I-REC (International Renewable Energy Certificate) tizimi va uni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlariga ham e'tibor qaratdilar. Bu tashabbus mamlakatda barqaror energiya ta’minotini ta’minlash, ekologik tozalikni rag‘batlantirish va xalqaro standartlarga mos mexanizmlarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish va korporativ IT infratuzilmalari bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, loyihani samarali amalga oshirish va kelgusida yangi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishib oldilar.