Sherzod Asadov Prezident Administratsiyasidagi shtat qisqarishlari haqidagi xabarlarga izoh berdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Administratsiyasida shtat birliklari kamida 50 foizga va boshqa davlat tashkilotlarida ham qisqartirish bo‘lishi haqida tarqalgan maʼlumotlarga izoh berdi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov taʼkidlashicha, barcha darajalardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, shu jumladan Prezident Administratsiyasidan tortib quyi tashkilotlargacha bo‘lgan barcha idoralarda shtat birliklarini maqbullashtirib borish ishlari bu - doimiy jarayon hisoblanadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, optimallashtirishning asosiy maqsad bir-birini takrorlovchi funksiyalarni qisqartirish, davlat boshqaruvi tizimi va davlat xizmatchilarining faoliyati samaradorligini oshirish, barcha idoralarda byudjet mablag‘laridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni taʼminlash.
Asadovning qo‘shimcha qilishicha, mazkur jarayonning hajmi va ko‘lami qay darajada bo‘lishi, mazkur yo‘nalishda tegishli o‘rganish va tahlillar o‘tkazilganidan keyingina maʼlum bo‘ladi.
Shu munosabat bilan matbuot kotibi OAV, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini mazkur mavzuda axborot tarqatishda faqat rasmiy manbalarga tayanib ish ko‘rishga chaqirdi.