Valyuta kurslari 23/12/2024
$1 – 12893.07
UZS – 0,14%
€1 – 13386.87
UZS – -0,15%
₽1 – 125.96
UZS – 0,97%
Qidirish
O‘zbekiston 28/11/2024 Shavkat Mirziyoyev yerdan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev yerdan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Yig‘ilishda tomorqa, ko‘chalar, dala chetlari va kanal-kollektorlar atrofidagi yerlarda oziq-ovqat va daromadli ekinlarni ekib, aktivga aylantirish masalalari muhokama qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari shu paytgacha paxta va g‘alla yerlarining 260 ming gektari oziq-ovqat yetishtirish uchun ajratilgani, kecha yana 104 ming gektar ajratishga ruxsat berilganini ta’kidladi.

Oziq-ovqat eksporti o‘tgan yilga nisbatan 370 million dollarga (1,2 barobar) o‘sib, 2 milliard dollardan oshdi.

O‘zbekiston o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda 3-o‘ringa, gilos va shaftoli bo‘yicha 6-7-o‘ringa, mosh va boshqa dukkakli mahsulotlar bo‘yicha 10-o‘ringa chiqdi.

Birgina gilos 16 ta mamlakatga eksport qilinmoqda. Har hafta 3-4 tonna uzum AQSHga yetkazib berilmoqda.

Eksport Qoraqalpog‘iston va Jizzaxda 2,2 barobar, Xorazmda 1,8 barobar va Surxondaryoda 1,6 barobar ko‘paydi.

Ijobiy natijalar bilan birga, Prezident ta’kidlaganidek, ayrim viloyat, tuman hokimlari, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlar ishni to‘g‘ri tashkil qilmagani uchun mahsulot va eksport hajmida katta o‘zgarish sezilmayapti.

Yeri boshqalardan karra-karra ko‘p bo‘lgan Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida o‘sish ularning imkoniyati va sharoitiga mutlaqo mos emasligi qayd etildi. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarining eksporti o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga yetmayapti.

Shuningdek, 64 ta tumanda eksport o‘tgan yilga nisbatan kamaygan bo‘lsa, shundan 17 tasida 50 foizga ham yetmagan.

Hokimlar bugun dunyodagi og‘ir vaziyatni hisobga olib, har kuni izlanib, yangi-yangi imkoniyatlar topib, ishga solishi shartligi haqida ogohlantirildi.

Yig‘ilishda dala chetlariga ekin ekish holati tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Masalan, Qoraqalpog‘istonda dala chetidagi 2,1 ming gektar, Farg‘onada 1,2 ming, Samarqandda 826, Buxoroda 784, Qashqadaryoda 247 gektar yerlar ishlatilmasdan yotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Ba’zi joylarda dehqonlarga sifatsiz urug‘ sotilgan, zararkunandaga qarshi berilayotgan dorilar ham talabga javob bermaydi.

Shu munosabat bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘simliklar karantini agentligiga hokimlar, eksportchi, tajribali klaster, kooperatsiya va fermerlar bilan birgalikda oziq-ovqat ekinlarining urug‘i, ko‘chati, dorisi, o‘g‘iti bo‘yicha ishlashning yangi tizimini ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda dala chetlariga ekin ekish holati tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Masalan, Qoraqalpog‘istonda dala chetidagi 2,1 ming gektar, Farg‘onada 1,2 ming, Samarqandda 826, Buxoroda 784, Qashqadaryoda 247 gektar yerlar ishlatilmasdan yotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Ba’zi joylarda dehqonlarga sifatsiz urug‘ sotilgan, zararkunandaga qarshi berilayotgan dorilar ham talabga javob bermaydi.

Shu munosabat bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘simliklar karantini agentligiga hokimlar, eksportchi, tajribali klaster, kooperatsiya va fermerlar bilan birgalikda oziq-ovqat ekinlarining urug‘i, ko‘chati, dorisi, o‘g‘iti bo‘yicha ishlashning yangi tizimini ishlab chiqish topshirildi.

Dala chetidan samarali foydalanayotgan tadbirkorlar ham ko‘payib borayotgani ta’kidlandi.

Masalan, Asakadagi fermer xo‘jaligi dala chetidagi 3 gektarda 10 ming dona tut, terak va tok ekib, besh yildan keyin 700 million so‘m daromad ko‘rgan. “Samarqand qulupnay” korxonasi Qo‘shrabot, Jomboy, Bulung‘urdagi 6,5 ming aholiga 3 million olcha ko‘chatini bepul tarqatib, dala chetida ektirishni yo‘lga qo‘ydi.

Yil yakunigacha dala chetlaridagi 650 ming, aholiga berilgan 364 ming gektarni eksportchi-tadbirkorlarga biriktirish topshirildi.

Endilikda tomorqa, ichki ko‘chalar, dala chetlari va kanal-kollektorlar atrofidagi yerlarda daromadli ekinlar ekish va ularni eksport qilishga O‘simliklar karantini va himoya agentligi mas’ul bo‘lishi belgilandi.

Viloyat hokimlaridan ham bu borada so‘rov qattiq bo‘lishi qayd etildi.

Bu ishlarga faol kirishgan aholi, fermer va klasterlarga katta yengilliklar berilishi ta’kidlandi.

Dala chetini samarali ishlatgan fermerlarga tadbirkorlar reytingini hisoblashda qo‘shimcha ball beriladi, ichki fitosanitar sertifikati bir yil davomida bepul beriladi. Fermerlarga barcha yerlari uchun yer solig‘ini ikki yilga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

“Oilaviy tadbirkorlik” dasturidagi 100 million so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi.

Shu bilan birga, dala cheti hisobi, nima mahsulot yetishtirilgani va qancha mahsulot olingani “e-Fito” portali orqali nazorat qilib boriladi.

Shuningdek, har bir mahallada kamida 100 tadan xonadonga limon, uzum ko‘chati tarqatish, ko‘chalar va ko‘p qavatli uylar atrofida aholining tashabbuslari asosida kamida 10 million tup uzum ekish muhimligi ta’kidlandi.

Sayxunobod tajribasi asosida 164 ta qishloq tumanlarining 4 tadan mahallasiga minitexnika berilishi belgilandi. Kim minitraktorda xizmat ko‘rsatsa, o‘zini o‘zi band qilgan bo‘ladi va ularga mamlakatimizda chiqadigan texnika uchun 30 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.

Meva-sabzavotni qayta ishlash Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Xorazm, Sirdaryo va Jizzaxda respublika ko‘rsatkichidan pastligi qayd etildi. Angor, Uzun, Hazorasp, Xonqa, Ulug‘nor, Kegeylida birorta meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatlari yo‘q.

Bunga xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar ishlatilmasdan yotgani, ayrim hududlar birorta loyiha taklifini bermaganiga e’tiroz bildirildi.

Mutasaddilarga ushbu mablag‘ni samarali ishlatish bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirib, amaliy ishga o‘tish topshirildi.

Eksport yil davomida bo‘lishi uchun 51 ta tumanda “shok” usulida muzlatish tizimini yaratish rejalashtirilgan edi. Lekin bunday loyihalarni qilaman degan 76 ta tadbirkorning 20 tasiga yer ajratish masalasi hal bo‘lmagan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga keyingi yilda 76 ta shunday loyihani to‘liq ishga tushirish topshirildi.

Pishiqchilik davrida narx tushib ketishi oqibatida Surxondaryoda karam, lavlagi, Jizzaxda piyoz hosili, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryoda tarvuz hosili oxirigacha yig‘ib olinmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Ehtiyojdan ortgan hosilni quritib, ozuqaviy qo‘shimcha shaklida eksport qilish mumkinligi, bunga oziq-ovqat sanoati korxonalarida talab kattaligi ta’kidlandi.

Kelgusi yilda “shok” usulida muzlatish, ozuqa qo‘shimchasi tayyorlash bo‘yicha 100 million dollarlik 50 ta loyihani ishga tushirish muhimligi qayd etildi.

Sanoatlashgan bog‘-tokzorlarda 20 sotixgacha maydonda kichik muzlatkich, saralash va qadoqlash sexlarini qurishga ruxsat berilgan.

Mutasaddilarga intensiv bog‘larda bunday sexlar uchun joylarni belgilash, kelgusi yilda 500 ming tonnali quvvatlarni yaratish bo‘yicha hisob-kitob qilib, tumanlar bo‘yicha ishni boshlash topshirildi.

Joriy yil yakunigacha jami quvvati 57 ming tonna bo‘lgan 10 ta agrologistika markazi, 230 ming tonnalik sovutkichli omborxonani ishga tushirish chora-tadbirlari belgilab olindi.

Viloyat hokimlariga yil yakunigacha 14 ming, kelgusi yili 29 ming gektar sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlarni barpo etish topshirildi.

Bundan tashqari, Qo‘rg‘ontepada 300 gektar, Farg‘ona tumanida 200 , Pop, Yangiqo‘rg‘on va Ohangaron tumanlarida 100 gektardan sanoatlashgan intensiv bog‘ va tokzorlar tayyor holda tadbirkorlarga berilishi belgilandi.

Texnik jihatdan tartibga solish va O‘simliklar karantini agentliklariga eksportga yuborishda har bir meva-sabzavot turi bo‘yicha alohida texnik standartlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Hozirda atigi 10 ta tumandagi 3 ming 900 gektar maydonda organik sertifikat mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Jahon bozorida organik mahsulotlar narxi an’anaviy mahsulotlardan 2-3 karra qimmat.

Masalan, Nukus tumanidagi tadbirkor 50 gektar yerda organik pomidor yetishtirib, quritib Yevropaga 6 dollardan eksport qilayapti (an’anaviy pomidor 1 dollardan kam). Yoki, Toshkent shahridagi korxona Kattaqo‘rg‘on va Chimqo‘rg‘on suv omborlari atrofidagi 400 gektarda organik mosh, loviya, yeryong‘oq yetishtirayapti.

Mutasaddilarga organik maydonlarni 2025-yilda 10 ming gektarga, kelgusi uch yilda 100 ming gektarga yetkazish topshirildi.

Endilikda organik maydon tashkil qilgan fermer va dehqonlarga yerni lazer bilan tekislash xarajati davlat tomonidan qoplab berilishi, “Organik”, “Global Gap”, “Halol”, "Kosher" kabi sertifikatlarni olish xarajatlari uchun subsidiya ajratilishi, yirik savdo tarmoqlarida organik mahsulotlar uchun alohida rastalar tashkil etilishi belgilandi.

Banklar balansiga olingan issiqxona, qayta ishlash sexlari, muzlatkichli omborlar uzoq vaqt ishlatilmasa, yaroqsiz ahvolga kelishi qayd etildi.

Shu bois ushbu korxonalarni tajribali tadbirkorlarga uch yil muddatga ishonchli boshqaruvga berish taklif etilgan. Ijobiy natija ko‘rsatgan tadbirkorlarga bu mulklar 10-yilda bo‘lib to‘lashga beriladi.

Qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizingga yetkazib berish tizimini issiqxonalar uchun ham joriy qilish zarurligi ta’kidlandi.

O‘mon Sultonligining yirik savdo tarmoqlarida O‘zbekiston mahsulotlari uchun alohida rasta ajratilib, ilk bor gilos, shaftoli va o‘rik eksporti yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tajribani Malayziya, Saudiya Arabistoni, Arab Amirliklari, Qatar, Singapur, Koreya, Yaponiya va Yevropada kengaytirish muhim ekani aytildi.

Ushbu davlatlarda savdo yarmarkalarini birinchi marta tashkil qilish xarajatlari qoplab berilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda hokimlar tomonidan eksportni bajarish uchun boshqa viloyatdan kelgan tadbirkorlarga to‘sqinlik qilish hollari haligacha uchrayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Oqibatda xaridori va mablag‘i tayyor eksportchilar mahsulotsiz qolib ketayapti.

Bundan buyon eksport jarayonida fitosanitar sertifikatda mahsulot yetishtirilgan hudud majburiy ko‘rsatiladigan tizim bo‘lishi e’lon qilindi. Shunda eksportchilarimiz sun’iy to‘siqlarga uchramaydi.

Mas’ul idoralarga bojxona va karantin ma’lumotlar bazasini integratsiya qilib, bu tizimni ishlatish topshirildi.

Kun tartibidagi asosiy masalalardan tashqari davlatimiz rahbari atrof-muhit mavzusiga ham to‘xtaldi.

Mutasaddi rahbarlar Andijon, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha 1,3 milliard dollarlik loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha ishlar qanday olib borilayotgani yuzasidan hisobot berdi.

“Yashil makon” umummilliy harakati doirasida hududlarda ishlar qay darajada tashkil etilayotgani tahlil qilindi va tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, vazirlar, hokimlar va tarmoq rahbarlarining mas’uliyatini kuchaytirish, barcha topshiriqlarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash, nazorat tizimini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi uchun mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlarning hisobotlari, tadbirkorlarning fikrlari tinglandi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling