Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ipoteka dasturi doirasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun rejalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
O‘tgan yilning o‘zida 100 mingdan ziyod xonadonga ega 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uy barpo etildi. Jon boshiga uy-joy hajmi 19 kvadrat metrdan oshdi (2020-yilda 16 kvadrat metr bo‘lgan).
Umuman, 2024-yili yurtimizda 21,4 million kvadrat metr turar joy va 19,1 million kvadrat metr noturar obyektlar, jami 40,5 million kvadrat metr bino-inshoot qurildi.
O‘tgan yilda qurilgan 100 ming xonadon hisobiga pudratchilar, boshqaruv va servis, qurilish materiallari, transport kabi sohalarda 350 ming odam ishli bo‘ldi. Mebel, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari sohalarida qo‘shimcha 11 trillion so‘mlik bozor paydo bo‘ldi.
Qurilishni rag‘batlantirish uchun 2024-yilda 17 trillion so‘m ipoteka krediti ajratildi, quruvchi va developerlarga aylanma uchun jami 3 trillion so‘m mablag‘ berildi.
Shu bois davlatimiz rahbari hokimlar uy-joy qurilishiga faqat ijtimoiy yoki qurilish masalasi deb emas, balki hududini iqtisodiy rivojlanishida asosiy “drayver” sifatida qarashi zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda hamma hokimlar ham qurilishning iqtisodiyotimiz uchun, aholi farovonligi uchun qanchalik muhimligini tushunib yetmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
O‘tgan yili uy-joy qurilishida Toshkent shahri, Navoiy, Buxoro, Xorazm va Samarqandda ishlar yaxshi tashkil qilingani aytildi.
Lekin “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi ishlarning borishi qoniqarsiz ekani qayd etildi.
Qoraqalpog‘iston, Jizzax va Sirdaryoda esa infratuzilma va quruvchilar bilan ishlash o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Xorazmda 98 ta, Buxoroda 65 ta, Jizzaxda 19 ta, Navoiyda 12 ta auksionda sotib olingan yerda qurilish boshlanmagan.
Ba’zi xonadonlar aholi va infratuzilmadan uzoq, talab bo‘lmagan joyda qurilgani uchun bir yildan beri sotilmayapti.
“Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.
Endi “Yangi O‘zbekiston” massiviga berilgan yer bo‘yicha loyihalashni 2 oydan, qurilishni boshlashni 3 oydan oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu talab buzilsa, yer qaytarib olinib, qayta auksionga chiqariladi.
Loyiha ekspertizasini o‘n besh kundan o‘tkazib yuborgan tashkilotlarning litsenziyasi to‘xtatib qo‘yiladi.
Qurilishda “eskrou” tizimi joriy qilinmoqda. Bu tizim developerlarga hozirgidan pastroq stavkada mablag‘ jalb qilish imkonini beradi. Muhimi, developerlarni moliyalashtirish uy qurish bilan birga boshlanadi va davom etadi.
Fuqarolar esa qurilish boshidan ipoteka va subsidiya olish hamda uy bitmasdan turib ham boshqa odamga sotish imkoniga ega bo‘ladi. Bu bilan uy sotib oluvchilar kafolatli himoyalanadi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, developerlar tomonidan obyektning 50 foizi qurilganda, fuqarolar kredit va subsidiya olishi mumkin bo‘ladi. Ushbu tartib nafaqat imtiyozli, balki tijorat ipotekasi uchun ham tatbiq etiladi.
Quruvchi tashkilotlar qurilishni boshlaganidan yakunlagunicha, lekin ko‘pi bilan 12 oy davomida yer solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi. Obyekt muddatida topshirilmasa, developer yer solig‘ini 2 karra miqdorda to‘laydi.
“Yangi O‘zbekiston” massivi uchun berilgan yerlarning 10 foizi developerlarga tijorat binolarini qurishi uchun yagona lot sifatida savdoga chiqariladi.
Bu uylarni pastki qavatida xususiy bog‘cha tashkil qilishga ruxsat berilishi, ular mulk solig‘idan ham ozod qilinishi ta’kidlandi.
Hokimlarga bu massivlarga ko‘chib keladigan aholining talabini hisobga olib pastki qavatlarda bog‘cha tashkil qilishni boshlash topshirildi.
Mamlakatimizda 2030-yilgacha kamida 100 ta “Yangi O‘zbekiston” massivini qurish reja qilingan.
Yangi massivlar uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1-2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metr xonadon quriladi.
Joriy yil “Yangi O‘zbekiston” massivlari infratuzilmasi uchun 1,2 trillion so‘m beriladi.
Hozir “Yangi O‘zbekiston” massivi uchun mas’ul yagona tashkilot bo‘lmagani uchun, yer qayerdan ajratiladi, infratuzilma qanday bo‘ladi, qayerga daraxt ekiladi, sug‘orish va drenaj tizimi qanaqa o‘tkaziladi, degan savollarga javob yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, bu ishlarni tashkillashtirish uchun “O‘z uyim” kompaniyasi tashkil qilinadi. Ushbu kompaniya “Yangi O‘zbekiston” massivlariga yer tanlash, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishga mas’ul bo‘ladi.
Mutasaddilarga xalqaro ekspertlarni jalb qilib, kelgusi besh yil uchun uy-joy siyosati strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.
O‘tkazilgan muloqotlarda developerlarning ko‘pchiligi yer olish, kredit, qurilishga ruxsat, infratuzilma, foydalanishga topshirish, uylarni sotish bilan bog‘liq masalalarni ko‘targan.
Misol uchun, o‘tgan yili 5 ming xonadonli 150 ta ko‘p qavatli uy aylanma mablag‘ yetmagani uchun bitmay qolgan. Bu borada banklarning xorijdan jalb qilingan mablag‘dan 310 million dollarni quruvchilarga aylanma uchun berish taklifi ma’qullandi.
18 ming xonadon gazda individual isitiladigan qilib qurilgani uchun foydalanishga qabul qilinmay turibdi. Mutasaddilarga ishchi guruhi tuzib, har bir holatni o‘rganib, masalaning yechimi bo‘yicha Hukumatga taklif kiritish topshirildi.
Bu yil 135 ming xonadonli ko‘p qavatli uylarni markazlashgan holda isitiladigan, ovqat pishirish esa elektr plitasi orqali bo‘ladigan qilib qurish zarurligi qayd etildi.
Markaziy va ichki ko‘chalarni yoritishda isrofgarchilikni qisqartirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Hududlarda liftlarni qabul qilish 2-3 oyga cho‘zilayotgani sababli har bir viloyatda kamida 2 tadan brigada tashkil qilish, 20 nafardan aholini liftlarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashga o‘qitish vazifasi qo‘yildi.
Mamlakatimizda aholiga rasmiy ish joyi bo‘lmasa ham, daromadini deklaratsiya asosida hisobga olib, ipoteka krediti olishi uchun imkoniyat yaratilgan.
Lekin hozirda xorijga ishlashga ketganlarga “O‘zbekistonda rasmiy daromadi yo‘q”, degan vaj bilan kredit va subsidiya berilmayapti.
Mutasaddilarga xorijda mehnat qilayotgan va olti oy ichida muntazam pul o‘tkazib kelayotgan fuqarolarimiz daromadini hisobga oladigan tizim yaratish topshirildi.
Yig‘ilishda foydalanishga topshirilgan uylar bo‘yicha ham e’tirozlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.
Oxirgi ikki yilda uy-joy qurilishi bo‘yicha 5,5 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlangan. Xususan, 88 ta holatda pudratchilar loyihaga zid ravishda uylarga ortiqcha 1-2 qavat qo‘shib qurgan. Yoki foydalanishga qabul qilingan 74 ta ko‘p qavatli uylarda qurilish sifati bo‘yicha jiddiy kamchiliklar aniqlangan.
Shu ma’noda, pudratchilarning qurilish madaniyatini tubdan oshirish zarurligi qayd etildi.
Hozir pudratchilar qurilishni boshlash uchun hujjatlarni kamida 5 bosqichda kelishishi kerak. Bunga 2 oygacha vaqt ketayapti. Bu jarayonlar soddalashtirilishi e’lon qilindi.
Quruvchilar “Shaffof qurilish” platformasi orqali tayyor loyihani idoralar bilan onlayn kelishadi. Ular kamchilik ko‘rsatsa, bartaraf qiladi.
Qurilish loyihaga mos bajarilishini Davlat arxitektura-qurilishi nazorati inspeksiyasi tekshiradi va bitganidan keyin xulosa beradi. Obyektni foydalanishga topshirishda faqat 2 ta idora – DAQN va yong‘in xavfsizligidan xulosa olinadi. Zarur bo‘lsa, boshqa sohadagi mutaxassislarni inspeksiyaning o‘zi jalb qiladi.
Yig‘ilishda foydalanishga topshirilgan uylar bo‘yicha ham e’tirozlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.
Oxirgi ikki yilda uy-joy qurilishi bo‘yicha 5,5 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlangan. Xususan, 88 ta holatda pudratchilar loyihaga zid ravishda uylarga ortiqcha 1-2 qavat qo‘shib qurgan. Yoki foydalanishga qabul qilingan 74 ta ko‘p qavatli uylarda qurilish sifati bo‘yicha jiddiy kamchiliklar aniqlangan.
Shu ma’noda, pudratchilarning qurilish madaniyatini tubdan oshirish zarurligi qayd etildi.
Hozir pudratchilar qurilishni boshlash uchun hujjatlarni kamida 5 bosqichda kelishishi kerak. Bunga 2 oygacha vaqt ketayapti. Bu jarayonlar soddalashtirilishi e’lon qilindi.
Quruvchilar “Shaffof qurilish” platformasi orqali tayyor loyihani idoralar bilan onlayn kelishadi. Ular kamchilik ko‘rsatsa, bartaraf qiladi.
Qurilish loyihaga mos bajarilishini Davlat arxitektura-qurilishi nazorati inspeksiyasi tekshiradi va bitganidan keyin xulosa beradi. Obyektni foydalanishga topshirishda faqat 2 ta idora – DAQN va yong‘in xavfsizligidan xulosa olinadi. Zarur bo‘lsa, boshqa sohadagi mutaxassislarni inspeksiyaning o‘zi jalb qiladi.
Joriy yilda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi hisob-kitob qilingan.
Bunga qo‘shimcha 15 ming xonadon Yangi Toshkentda barpo qilinadi va bu uylarda “yashil” energiyadan foydalaniladi.
Energiya barqarorligini ta’minlash uchun xususiy sheriklik asosida 100 megavatt-soat sig‘imli elektr saqlash quvvati o‘rnatiladi.
Yangi Toshkentdagi uylarni isitish va sovutish markazlashgan trigeneratsiya tizimi orqali bo‘ladi.
Barcha bino-inshootlarga yuqori energiya samaradorlik talablari joriy qilinadi. Transport, yoritish tizimlari va zaryadlash stansiyalari faqat “yashil” talablar asosida bo‘ladi.
Uy-joy qurishda asosiy e’tiborni eskirgan uylar o‘rnida renovatsiya asosida zamonaviy ko‘p qavatli uylarni ko‘paytirishga qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Renovatsiya hisobiga yerdan foydalanish samaradorligi 4-5 karra oshadi, kommunikatsiya xarajati 2 karra kamayadi.
Asosiysi, bu orqali shu hududdagi odamlarning dunyoqarashi o‘zgaradi, turmush tarzi tubdan yaxshilanadi, savdo-servis, ish o‘rni ko‘payib, iqtisodiyot rivojlanadi.
Bu borada Jizzax, Marg‘ilon, Qo‘qon, Shahrisabz, Qarshi shaharlari, Do‘stlik va poytaxt tumanlarida ishlar yaxshi boshlangani qayd etildi. Ularning tajribasini barcha hududda ommalashtirish kerakligi, avariya holatidagi eskirgan uylarda yashayotgan odamlar buni kutayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Renovatsiya asosida bu yil 20 min xonadon qurilishini tashkil qilish zarurligi qayd etildi.