Shavkat Mirziyoyev: Samarqanddagi «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» sammiti hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Euronews telekanaliga bergan eksklyuziv intervyusida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan birinchi «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» sammitining ahamiyati va ikki mintaqaning o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
«Mintaqalarimiz chuqur tarixiy ildizlar, umumiy manfaatlar va yaqin hamkorlikka obyektiv intilish bilan bog‘liq», — dedi prezident. Uning so‘zlariga ko‘ra, sammitning ahamiyati hamkorlikning noyob formatida namoyon bo‘ladi, u iqtisodiyot va investitsiyalardan tortib, barqaror rivojlanish, xavfsizlik va raqamli transformatsiyagacha bo‘lgan keng yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Shavkat Mirziyoyev taʼkidlashicha, «Yevropa Ittifoqi bilan sheriklik – bu ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan o‘zaro harakatli munosabatlardir». Oxirgi yetti yil ichida Markaziy Osiyo davlatlarining YEI bilan tovar ayirboshlash hajmi to‘rt barobarga o‘sib, 54 milliard yevroga yetdi. O‘zbekiston bu jarayonning asosiy ishtirokchisi sifatida Yevropa biznesining Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishi oshib borayotganini kuzatmoqda.
Samarqand sammit uchun bejiz tanlanmagan. Prezidentning taʼkidlashicha, bu shahar har doim savdo, fan va diplomatiya markazi bo‘lib, madaniyatlar va xalqlarni birlashtirib kelgan. Shavkat Mirziyoyev fikricha, Samarqandning buyukligi turli xalqlar o‘rtasida umumiy til topish qobiliyatida bo‘lib, bugungi kunda Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun ideal maydon hisoblanadi.
«Samarqand xalqaro hayotda o‘zining alohida o‘rnini tiklamoqda va mamlakatning tarixiy siyosiy va diplomatik merosini asrab-avaylab, yana-da boyitmoqda», — dedi Prezident.
Bundan tashqari, Prezident Markaziy Osiyoning chuqur o‘zgarishlarni boshdan kechirib, xalqaro hamkorlikda muhim mintaqaga aylanganini taʼkidladi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo beshligida raislik qilish doirasida mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish va ekologik barqarorlikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratayotganini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyevning taʼkidlashicha, global o‘zgarishlar va iqlim muammolari sharoitida Yevropa Ittifoqi bilan barqaror sheriklikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Bu yo‘nalishda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va “yashil” energetikani rivojlantirish asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi, bu YEI uchun ham manfaatli. Prezident O‘zbekiston kelgusi besh yil ichida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54%ga yetkazishni rejalashtirayotganini qayd etdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda xavfsizlikni taʼminlash eng muhim ustuvor vazifalardan biridir. Bu borada mintaqa davlatlari konstruktiv muloqot, ishonch va o‘zaro tashabbuslar asosida ish olib bormoqda. Shavkat Mirziyoyev ishonch bildirishicha, Samarqanddagi sammit mintaqa va Yevropa o‘rtasidagi hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
— «Markaziy Osiyo jahon transport zanjirlarining muhim bo‘g‘iniga aylanmoqda», — dedi Prezident va mintaqa infratuzilmasi hamda logistikasini mustahkamlash Yevropa va boshqa dunyo davlatlari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatishga yordam berishini taʼkidladi.
#Shavkat Mirziyoyev