Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga Qozog‘istonning Oqtou shahri yaqinida "Ozarbayjon havo yo‘llari"ning yo‘lovchi samolyoti halokatga uchragani oqibatida ko‘plab odamlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi.
Davlatimiz rahbari barcha jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishlarini tiladi.
Hodisa Boku-Grozniy reysini amalga oshirayotgan Embraer E190 samolyoti bilan yuz bergan. Grozniydagi noqulay ob-havo sharoiti tufayli samolyot avval Maxachqal’aga, keyin esa Oqtouga yo‘naltirildi.
Hodisa vaqtida samolyotda 62 yo‘lovchi va 5 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Hodisa joyida 14 ta tez tibbiy yordam jamoasi ish olib bormoqda. Halokat sabablari va hodisa bilan bog‘liq barcha holatlar o‘rganilmoqda.
Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Azerbaijan Airlines samolyoti halokatida 25 kishi qutqarilgan, ulardan 22 nafari tibbiy yordam uchun kasalxonaga olib borilgan.
Transport vazirligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot bortida Ozarbayjonning 37, Qozog‘istonning 6, Qirg‘izistonning 3 va Rossiyaning 16 fuqarosi bo‘lgan.