Valyuta kurslari 19/08/2025
$1 – 12497.19
UZS – -0,4%
€1 – 14597.97
UZS – -0,46%
₽1 – 155.71
UZS – -0,83%
Qidirish
Sport 18/08/2025 Shavkat Mirziyoyev Milliy futbol markazini ochdi

Shavkat Mirziyoyev Milliy futbol markazini ochdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilgan Milliy futbol markazini borib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbari ikki yil oldin bu yerga tashrif buyurib, mavjud stadionga tutash hududda zamonaviy majmua bunyod etish zarurligini aytgan edi. Ko‘p o‘tmay, 2023 yil 3 noyabrda “Futbol-ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori imzolandi.

Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan mazkur markaz bunda juda muhim bo‘g‘in. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 6 ta terma jamoamizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish imkoniyati bor. Buning uchun stadionlar, o‘quv binolari, sport zallari, mehmonxona barpo etilgan. Plyaj futboli maydoni, futzal maneji, basseyn va reabilitatsiya bo‘limi qo‘shimcha qulayliklar yaratgan.

Majmuada professional futbolchi va mutaxassislarni tayyorlash uchun to‘rtta tuzilma tashkil etildi. Bular - Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi, Respublika futbol akademiyasi, Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazidir.

Prezidentimiz ularda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Futbol tibbiyoti va reabilitatsiyasi bo‘limiga xorijiy uskunalar olib kelingan, eng ilg‘or uslublar o‘zlashtirilgan. Bu futbolchilarga qisqa vaqt ichida jismonan tiklanish imkoniyatini beradi.

Futbol akademiyasida yosh iste’dodlar saralanib, tarbiyalanadi. Buni xalqaro darajada tashkil etish uchun markazga Argentina, Vengriya va Xorvatiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb qilingan. Ular malakali murabbiy, hakam, tahlilchi, seleksioner va futbol menejerlarini tayyorlashda ishtirok etmoqda. Majmuada “VAR markazi” ham tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari shu yerda sport faxriylari va yosh futbolchilar bilan suhbatlashdi. O‘zbekistonda futbol eng ommaviy sport ekani, uni rivojlantirish izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Keyingi yillarda futbol tizimi tubdan yaxshilandi. Bolalar futboli, to‘garaklardan tortib akademiyalar, jamoalar, chempionatgacha e’tibor kuchaydi. Natijalar birin-ketin bo‘y ko‘rsatmoqda. Ularning eng muhimi – Vatanimiz tarixida birinchi marta milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqqani bo‘ldi.

Yana bir shonli yutuq aprelda Caudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida qo‘lga kiritildi. 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoamiz unda birinchi o‘rinni egallab, jahon chempionatiga yo‘llanma olgan edi.

Prezidentimiz ushbu qahramon futbolchilarimiz bilan uchrashib, ularga mehr-e’tiborini izhor qildi.

– Biz hamma sohada dunyoda munosib o‘rin egallashga intilayapmiz. Sportchilarimiz buni tezroq yetkaza oladi. Sizlar irodali g‘alabangiz bilan, xalqimiz mehnat qilsa, harakat qilsa, hamma narsaga qodir ekanini yana bir bor isbotladingiz. Butun dunyo sizning timsolingizda azmu shijoatli, g‘ururi baland, hech qachon intilishdan qaytmaydigan yangi O‘zbekiston avlodini ko‘rdi. Endi futbolni hozirgidan ham 2-3 karra ko‘proq qo‘llab-quvvatlaymiz. Sizdek yoshlar xalqimizning ishonchi, Prezidentning quvonchisizlar, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sportchilar bu sharoitlar uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, xalqimiz ishonchini oqlashga va’da berishdi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling